Qozog‘iston O‘zbekistonga Rossiyadan keladigan yog‘och tranzitini to‘xtatib qo‘ydi
Bu haqda «Kommersant» xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Rossiyaga qarshi xalqaro sanksiyalarga amal qilishini e’lon qilganidan so‘ng sentyabr oyining boshidan ushbu mamlakat orqali Rossiya panelli mahsulotlarini eksport qilish to‘xtatib qo‘yilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning mebel va yog‘ochni qayta ishlash korxonalari uyushmasi ishlab chiqarilgan mahsulotlarining 40 foizini aynan Qozog‘iston orqali eksport qilib kelgan. Ammo endi Qozog‘istonning Rossiya mahsulotlari uchun tranzit yo‘llarni yopishi fonida yog‘och sanoati korxonalari oktyabr oyining oxiriga qadar ishlab chiqarishni butunlay to‘xtatishi mumkin.
Bu esa Rossiya Shimoli-g‘arbiy federal okrugidagi korxonalarga jiddiy ta’sir o‘tkazishi kutilmoqda. Chunki ushbu korxonalar avval Yevropa Ittifoqi davlatlariga mahsulot yetkazib bergan bo‘lsa, Ukraina urushidan keyin Rossiyaga qarshi qo‘yilgan sanksiyalar sabab Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik qila boshlagandi. Qozog‘istondan tranzitning to‘xtatilishi Rossiya korxonalarini O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston bozorlariga kirishdan mahrum qiladi.
Ma’lumot uchun, Rossiya yog‘och eksportining to‘rtdan uch qismi (74 foiz) O‘zbekiston va Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. 2022 yilda esa ushbu ikki mamlakatlarning Rossiya eksportidagi ulushi 56 foizni tashkil etgan va eksport hajmi bir yil ichida 18 foizga o‘sgan. 2023 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Rossiyadan yog‘och sotib olishni 57 ming kub/metr yoki 13 foizga oshirgan bo‘lib, uning Rossiya yog‘och eksportidagi ulushi 11 foizga oshgan va 479 ming kub/metrga yetgan.