Qozog‘istonlik basketbolchilar Osiyo chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

Xabar qilganimizdek, Samarqand shahridagi yengil atletika va o‘yin turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida basketbol bo‘yicha Osiyo chempionati yo‘llanmasi uchun saralash bahslari bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada Qirg‘iziston va O‘zbekiston terma jamoalarini yirik hisoblarda mag‘lub etgan qozog‘istonlik o‘smirlar Markaziy Osiyo basketbol assotsiatsiyasi kubogini qo‘lga kiritdi. Shu bilan birga, Qozog‘iston terma jamoasi joriy yilning sentyabr oyida Qatarda o‘tkaziladigan Osiyo chempionatida ishtirok etish yo‘llanmasiga ega chiqdi.  

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlarga kubok va medallar topshirildi.

Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri, O‘zbekiston basketbol federatsiyasi prezidenti Ilhom Mahkamov va Markaziy Osiyo basketbol assotsiatsiyasi prezidenti Abay Alpamisov ishtirok etdi.