Samarqandlik basketbolchilar O‘zbekiston chempioni bo‘ldi

Samarqand shahrida basketbol bo‘yicha 2004-2005 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.

16 oktyabr kuni boshlangan musobaqada sakkiz viloyatdan kelgan basketbolchilar ikki guruhga bo‘lingan holda bahs olib bordi. Murosasiz kechgan bellashuv finalida viloyatimiz terma jamoasi Toshkent shahri terma jamoasi ustidan 103-56 hisobida g‘alaba qozondi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahs natijasiga ko‘ra, Namangan viloyati jamaosi sirdaryolik basketbolchilarni mag‘lub etdi.

-  Keyingi yillarda samarqandlik basketbolchilar respublikada asosiy uchlikda o‘rin egallab kelmoqda, - deydi basketbol bo‘yicha musobaqa bosh hakami Dilshod Hoshimov. – Bugun o‘tkazilgan final bahsida sportchilar o‘z mahoratini ko‘rsatib, toshkentlik basketbolchilar ustidan g‘alabaga erishdi. Samarqand viloyatida baza yaratilgani uchun turli yoshdagi sportchilar professional darajaga yetgan. Mazkur sport inshooti ruspublika va Osiyo o‘yinlarini o‘tkazishga mos bo‘lgani uchun ham chempionatni shu yerda o‘tkazdik.

-  Bugungi musobaqada raqib jamoa o‘yinchilari ham ancha kuchli edi, - deydi viloyatimiz terma jamoasi a’zosi Sinan Mahmedov. – Murabbiylarning ko‘rsatmasi va tinimsiz mashg‘ulotlar natijasida chempion bo‘ldik. Kelgusida bundan-da katta musobaqalarda g‘olib bo‘lishga intilamiz.

Husan ELTOYeV.