Qurbon hayiti arafasida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xayrli ishga qo‘l urdi: 48 ta xonadonni nashriyot xodimlariga rasmiylashtirib berdi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi jamoasi Agentlik tasarrufidagi «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi xodimlari istiqomat qilayotgan 17-B uyni ko‘zdan kechirdi. Shu yerda yashayotgan odamlar bilan muloqot qildi, yashash tarzi bilan tanishdi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov o‘zining Facebook sahifasi orqali bu haqda quyidagilarni bayon qildi:

«48 ta xonadondan iborat binoda bizning bosmaxonada yillar davomida faoliyat yuritayotgan matbaachi, muqovalovchi, santexnik, mexanik kabi oddiy xodimlarimiz oilasi, farzandlari bilan istiqomat qilishadi. Mazkur korxonada uzoq yillardan buyon mehnat qilib, o‘z tajribasini yosh avlodga o‘rgatib kelayotgan faxriylarimiz ham bor. Hatto bir xodimimiz shu dargohda faoliyat boshlaganidan buyon farzand katta qilib, yaqinda qiz chiqarayotgan ekan. Butun jamoamiz oilaviy ahil va bordi-keldi qilar ekan. Ularni hozirga qadar bitta dard bezovta qilib kelar edi — ushbu xonadonlar ularga qarashli emas edi. Uy o‘zingniki bo‘lmaganidan keyin halovat topmay, xavotir va hadik ichida yashashni tassavur qilib ko‘ring».

Aytish kerakki, mazkur uy 1988 yilda foydalanishga topshirilgan. Odamlar o‘ttiz yildan ortiq vaqt mobaynida shu uy o‘z mulkiga aylanishini orzu qilib, kutib yashadilar.

Bugungi kunda Prezidentimiz odamlarni uy-joy bilan ta’minlash, ularning hayotini yaxshilash yo‘lida izchil siyosat olib bormoqdalar.

Shundan kelib chiqib, Agentlik barcha xodimlar bilan kelishgan holda, Qurbon hayiti bayrami arafasida ushbu 48 ta xonadonning kadastr hujjatlarini tayyorlab, ishchi xodimlar nomiga rasmiylashtirib berilgani aytildi.

Kuni kecha ularning turmush sharoiti bilan yaqindan tanishish, ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari natijasi, jarayonning qanchalik adolatli o‘tgani, korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yilgan-qo‘yilmaganini ularning o‘zidan so‘rab-bilish maqsadida ular yashayotgan xonadonlarga Komil Allamjonov tashrif buyurdi.

Albatta, uylar ta’mirtalab, chunki inson uy to‘laqonli o‘ziga tegishli emasligini his qilib turgandan keyin munosabat ham shunga yarasha bo‘ladi. Endilikda juda ko‘pchilik ta’mirlash ishlarini boshlab yuborgan. Eng asosiysi, — ular juda ham baxtiyor, buni ularning ko‘zlari aytib turibdi.

Bino tomlarini ta’mirlash, yon-atroflarini obodonlashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Juma kuni osh qilinib, mazkur bayramni nishonlashga ham kelishib olindi.