Qurollar muomalasini nazorat qiluvchi organlar faoliyati o‘rganilmoqda

O‘qotar qurollarning muomalasini nazorat qilishga ixtisoslashgan tuzilmalar faoliyatini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiya huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi tomonidan qator amaliy ishlar bajarilib kelinmoqda.

Xususan, Agentlik boshchiligida tashkil etilgan idoralararo ishchi guruh tomonidan qurollar muomalasi, ularning hisobini yuritish va nazorat qilish tizimlarini o‘rganishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazildi. Ushbu jarayonda bir qator vazirlik va idoralar hamda tegishli ob’yektlar faoliyati atroflicha o‘rganilishi rejalashtirilgan.

Jumladan, birinchi bosqichda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimidagi qator yo‘nalishlar faoliyati tahlil etildi.

Ichki ishlar organlari tomonidan olib borilgan tezkor va profilaktik tadbirlar natijasida joriy yilning boshidan jami 487 ta holat aniqlangan. Shundan 227 tasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aniqlab olingan, 260 tasi esa fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda topshirilgan. O‘tkazilgan tadbirlar davomida quyidagi ashyolar aniqlanib, belgilangan tartibda rasmiylashtirildi: 255 dona turli xil o‘qotar qurol, 2841 dona patron, 57 dona qurolning asosiy qismlari, 485,7 gramm portlovchi modda.

Olib borilgan o‘rganishlar davomida Huquqiy statistika bosh markazida o‘qotar qurollarga doir hisobotlarni shakllantirish va yuritish tartibi, shuningdek, mazkur yo‘nalishda foydalanilayotgan axborot bazalari imkoniyatlari tahlil etildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, qurollar muomalasiga oid ma’lumotlarni yagona raqamli tizim orqali yuritish va turli idoralar axborot bazalarini o‘zaro integratsiya qilish nazorat samaradorligini yanada oshirish imkonini beradi.

Ekspert-kriminalistika bosh markazida o‘qotar qurollarni ballistik ekspertizadan o‘tkazish tartibi, Davlat o‘q-gilzotekasini yuritish hamda avtomatlashtirilgan ballistik identifikatsiya tizimining imkoniyatlari tahlil qilindi. Ballistik ma’lumotlar bazasini doimiy ravishda boyitib borish jinoyatlarni tezkor fosh etish va qurollarni identifikatsiya qilish jarayonida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Jamoat xavfsizligi departamenti Jamoat tartibini saqlash xizmati nazorat-litsenziyalash faoliyati bo‘limida esa qurollar muomalasini litsenziyalash va ruxsatnoma berish amaliyoti, fuqaroviy va xizmat qurollari muomalasi ustidan amalga oshirilayotgan nazorat tizimi o‘rganildi. Mutaxassislar fikricha, litsenziyalash jarayonlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish hamda elektron xizmatlar ulushini oshirish fuqarolarga qulaylik yaratish bilan birga nazorat tizimining shaffofligini ta’minlaydi.

Bundan tashqari, ishchi guruh poytaxt hududida joylashgan qurol va o‘q-dorilar savdosiga ixtisoslashgan do‘konlar faoliyatini ham o‘rgandi. Unda mahsulotlar hisobini yuritish tartibi, saqlash sharoitlari hamda amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishi holati tahlil qilindi. Mazkur sohada mahsulotlar hisobini elektron tarzda yuritish va savdo jarayonlarini raqamli monitoring qilish tizimlarini joriy etish nazorat samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

O‘rganishlar natijalari sohadagi mavjud tizimlarni yanada takomillashtirish, davlat organlari o‘rtasida axborot almashinuvini kuchaytirish hamda nazorat jarayonlarini raqamlashtirish zarurligini ko‘rsatdi. Shu munosabat bilan qurollar muomalasi ustidan nazoratni kuchaytirish, axborot tizimlarini integratsiya qilish va zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Agentlik matbuot xizmati.