Quyoshdan daromad olayotgan usta
Quyoshli kunlari ko‘p bo‘lgan yurtimizda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish juda samarali. Tejamkor qurilmalar uyingizni elektr bilan ta’minlashdan tashqari cho‘ntagingizga daromad ham keltiradi.
Past Darg‘om tumani Nayman mahallasida yashovchi Alisher Hamroyev o‘z xonadoniga quyosh batareyalari o‘rnatib daromad olayotganlardan biri. U ikki yildan buyon 15 KValik quyosh panellari orqali muzlatkich, 2 ta konditsioner, televizor, o‘nga yaqin tejamkor chiroqlardan foydalanib keladi.
- Uydan tashqari ustaxonamda ham turli qurilmalar ishlataman, - deydi avtomashina ustasi A.Hamroyev. – Shu paytgacha elektr energiyasi uchun ko‘p mablag‘ sarflardim. Ba’zida hisoblagichning puli tugab qolib, asabni buzardi. Uyimiz tomiga quyosh panellari o‘rnatganimda ayrim tanishlarim «uning foydasi yo‘q, muzlatkich va konditsionerni yoqishga kuchi yetmas ekan tez ishdan chiqarkan», deyishgandi. Shunday bo‘lsada, 28 dona panelni batareyasi bilan keltirib o‘rnatdik. Mana hozircha beto‘xtov ishlab turibdi. Quyosh chiqsa bo‘ldi, hamma uskunalar bekami-ko‘st ishlaydi. Ehtiyojdan ortgan elektr quvvatini sotib, daromad ham qilyapman.
Usta ortiqcha elektr energiyasini sotish mumkinligini eshitgach, «Soliq» platformasidan on-layn tarzda ro‘yxatdan o‘tdi.
- Bir kuni qo‘l telefonimga «Sizning tejab davlatga o‘tkazgan elektr energiyangiz uchun 600 ming so‘m mablag‘ o‘tkazib berilyapti» degan SMS kelib qoldi, - deydi Alisher usta. – Ishonmadim, tekshirib ko‘rsam, rostdan ham kelib tushibdi. Shundan buyon har oyda turli miqdorda pul kelib tushadi. Iyul oyida 900 ming so‘m, avgustda esa 1 million so‘mlik elektr energiyasi. Endi tanishlarim ham o‘z uylariga quyosh panellari o‘rnata boshladi.
Yaqinda Alisher Hamroyev uyiga quyosh nurlari bilan isitiladigan geliokollektor ham o‘rnatdi va issiq suv muammosini hal etdi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.