«Registon — Markaziy Osiyoga borgan sayohatchilar ko‘rishi shart bo‘lgan majmua”: Malayziyalik jurnalist Samarqandga sayohati haqida

Malayziyaning yetakchi "The Star" gazetasida "O‘zbekiston tarixiy shaharlarining ulug‘vorligi va moviy gumbazlari: Toshkentdan Samarqandga sayohat" sarlavhali maqola chop etildi. Maqolada asosan Samarqand shahri haqida so‘z yuritilgan.

"Afrosiyob" tezyurar poyezdi bilan O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga sayohat qilish juda ommalashdi. 250 km/soat tezlikka ega mazkur tezyurar poyezdda Toshkentdan Samarqandga yetib olish uchun ikki soatdan sal ko‘proq vaqt ketadi. "Afrosiyob" poyezdida yo‘lovchilarga uchun barcha sharoit yaratilgan. Xodimlar choy, qahva va alkogolsiz ichimliklar, shuningdek, quritilgan mevalarni taklif qilishadi", – deb yozgan sayyoh jurnalist.

Muallifning ta’kidiga ko‘ra, bu uning Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan davlatga birinchi safari bo‘lgan. "Bu sayohat menda katta taassurot qoldirdi. Tezyurar poyezdda borar ekanman, oynadan ko‘rganim mamlakat tabiati va shaharlarning ajoyib manzaralari menga juda yoqdi", – deb ta’kidlagan muxbir.

U, shuningdek, Samarqand bo‘ylab qilgan sayohati, xususan, Registon maydoni bilani tanishuvini katta hayojon bilan tasvirlagan. "Registon Markaziy Osiyoga sayohat qiluvchilar ko‘rishi shart bo‘lgan maskanlaridan biridir, deyiladi nashrda. Islom olamidagi mashhur inshootlaridan biri hisoblangan mazkur ansambldagi Tillaqori, Mirzo Ulug‘bek va Sherdor madrasalari ushbu yaxlit kompozitsiyani tashkil qilgan".

Nashrda Go‘r-Amir maqbarasi haqidagi muhim ma’lumotlar gazeta mushtariylari e’tiboriga havola qilingan.

Maqbara dastlab Amir Temurning suyukli nabirasi va valiahd shahzoda Sulton Muhammad uchun qurilgan. Muhammad Sulton harbiy yurish vaqtida to‘satdan kasallikdan vafot etgan. Shahzodaning jasadi Samarqandga olib kelinib, ansamblning janub tomonidagi ayvoni orqasidagi dahmaga dafn qilinadi. So‘ng Amir Temur shahzodaga atab maqbara qurish haqida farmon beradi. Vaqt o‘tishi bilan bu bino Temuriylar sulolasi xilxonasiga aylandi. Maqbaraga 1405 yilda Xitoyda qarshi harbiy yurish paytida og‘ir kasallik tufayli vafot etgan Amir Temurning o‘zi ham dafn etilgan, deb ma’lum qilingan maqolada.

"The Star" gazetasi chop etilgan maqolada Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim O‘zbekistonga tashrifi davomida Samarqandni, xususan, buyuk olim, sahih hadislar to‘plami muallifi Imom al-Buxoriy maqbarasini ziyorat qilganiga ham xabar qilingan.

Manba