Registonda jang san’ati usullari namoyish etildi

Vatan  himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi munosabati bilan Registon ansambli direksiyasi, Markaziy harbiy okrug, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti viloyat kengashi, SamDU, SamDAQI, Samarqand Davlat muzey-qo‘riqxonasi hamkorligida «Harbiy vatanparvarlik san’atining rivojlanish tarixi va bugungi kundagi ahamiyati» mavzusida tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda Milliy armiyamiz mamlakatimiz mustaqilligi va hududiy yaxlitligini, chegaralarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir ekanligi xususida so‘z yuritildi.

Oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari Amir Temurning sarkardalik salohiyati, uning harbiy yurishlari, jang san’ati uslublari haqida ma’ruzalar qildi.

Tadbir harbiy xizmatchilarning sahnalashtirilgan ko‘rgazmali chiqishlariga ulandi - qadimiy va zamonaviy jang usullari namoyish etildi.

Asliddin SAFAROV.