Rossiyada yonib ketgan 11-qurbonning ham shaxsi aniqlandi

Xabaringiz bor, 2020 yilning 21 yanvar kuni Moskva vaqti bilan soat 00:05 da Rossiya Federatsiyasi Tomsk oblasti, Asino rayoni, Prichulmsk aholi yashash punkti, Svoboda ko‘chasidagi bir qavatli, yog‘ochdan qurilgan 1/3-uyda yong‘in sodir bo‘lgandi. Ushbu yong‘inda o‘zbekistonlik 10 nafar fuqaro halok bo‘lgani xabar qilingan edi.

Ayni paytda Tomsk oblastida sodir bo‘lgan yong‘in bo‘yicha FVV qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 21 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasi Tomsk oblastida yong‘in oqibatida 12 nafar fuqaro halok bo‘lgan edi. Shu kunning o‘zida 11 nafar fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritilib, ulardan 10 nafari hamyurtlarimiz va 1 nafari Rossiya Federatsiyasi fuqarosi ekanligi ma’lum qilingan edi.

Mutaxassislar tomonidan olib borilgan birlamchi tahlil natijalariga ko‘ra, yong‘in oqibatida halok bo‘lgan o‘n birinchi fuqaro Andijon viloyati, Andijon tumanida istiqomat qilgan Mamadjonov Muzaffarjon Dilmurotovich bo‘lgani aniqlandi.