Rossiyalik shifokorlar samarqandliklar bilan tajriba almashdi

Samarqand shahridagi davolash va taqsimlash markazida ayni paytda koronavirus bilan kasallangan 627 nafar bemor davolanmoqda. Ularga 120 nafardan ortiq vrach va hamshiralar tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. 

Bugun mazkur davolash muassasasiga Rossiya Federatsiyasidan tibbiyot xodimlari kelib, o‘zaro tajriba almashdi.

Ufa shahridagi tibbiyot markazi bo‘lim boshlig‘i, reaniamatolog Yevgeniy Sirchin rahbarligidagi shifokorlar samarqandlik hamkasblarining COVID-19 infeksiyasini yuqtirgan bemorlarni davolash bo‘yicha olib borayotgan faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Koronavirusning turli shtamlari bilan og‘rigan kishilarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat, davo muolajalari, xastalik asoratlari bilan kurashish borasidagi ishlar yuzasidan o‘zaro tajriba almashishdi.

– Markazda bemorlar uchun yaratilgan sharoit, dori-darmon va oziq-ovqat ta’minoti rossiyalik hamkasblarimizga manzur bo‘ldi, – deydi Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i A.Bobojonov. – Xususan, zamonaviy tibbiy jihozlardan foydalanayotganimiz bemorlarning qisqa fursatda salomatligini tiklashi, pnevmaniya va boshqa asoratlarning oldini olishga xizmat qilayotganini e’tirof etishdi. Bugungi kunda markazga tushayotgan bemorlar ancha kamayib, tuzalib oilasi bag‘riga qaytayotgan yurtdoshlarimiz soni ko‘paymoqda. Ya’ni, hozirda kuniga 100 nafarga yaqin bemorning sog‘ayishiga erishilmoqda. Kasallik bilan kelish esa 50 nafar atrofida bo‘lib turibdi. Yana bir e’tiborli tomoni, avvallari markazga tushgan bemorning sog‘ayishi uchun kamida 10-12 kun vaqt ketgan bo‘lsa, hozir bir haftada salomatligini tiklayapti. Bunda albatta, dori-darmon va tibbiy jihozlar ta’minoti bilan birga aholining vaksinatsiyalash jarayoniga e’tiborli bo‘lgani ham muhim omil hisoblanmoqda.