Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida urug‘lik kartoshka yetishtirish bo‘yicha ishlar boshlandi

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti qoshida tashkil etilgan “O‘zbekiston-Koreya kartoshka urug‘chiligi markazi”ning gidroponika usulida qurilgan zamonaviy issiqxonasida mikrotuganaklar ekildi. Ushbu jarayonda institut professor-o‘qituvchilari, koreyalik mutaxassislar hamda sohaga qiziquvchi talaba-yoshlar ishtirok etdi.

- Dastlabki tadqiqotlarda respublikamizda keng tarqalgan 3 ta nav sinovdan o‘tkazilmoqda, - dedi institut rektori, professor Shavkat Hasanov. – Bu navlar sharoitimizga mos dehqonlarimiz tomonidan ekib kelinayotgan Sante, Pikasso va Nevskiy navlari bo‘lib, ularning mikrotuganaklari gidroponika sharoitida sinovdan o‘tkazilgach, dastlab odatdagi issiqxonalarda, so‘ngra institut Axborot maslahat markazida ochiq maydonlarda ko‘paytiriladi.

Institutda hozirda Janubiy koreyalik mutaxassislar tomonidan qiymati 770 ming AQSh dollar bo‘lgan mikrotuganak yetishtirishga mo‘ljallangan zamonaviy gidroponikali issiqxona (40x40 m), kartoshka mini tuganaklarini yetishtirish uchun 7 ta issiqxona (6x40 m), urug‘lik tuganaklarni saqlash uchun omborxona (20x25 m) qurilish ishlari yakuniga yetmoqda. Bundan tashqari, kartoshka urug‘lik tuganaklarini jadal ko‘paytirish maqsadida in-vitro laboratoriyasini qurish va jihozlash bo‘yicha ishlar boshlanmoqda.

Shuningdek, joriy yilda jami 15 nafar professor-o‘qituvchi va tadqiqotchilar Janubiy Koreyada ushbu sohada malaka oshiradi. Kelgusida markazda respublikamiz va viloyatimizda urug‘lik kartoshka yetishtirish bo‘yicha xalqaro tajriba joriy qilinib, jadallashgan uslubda respublikamiz iqlim sharoitiga mos navlarni yaratish va ularning sog‘lom yuqori sifatli urug‘larini ishlab chiqish ustida ishlar olib boriladi.

Xurshida ERNAZAROVA.