Samarqandda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan bayram bo‘ldi
Samarqand shahridagi Yoshlar markazida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda Markaziy Harbiy okrug qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari, Qurolli Kuchlar faxriylari, huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Viloyat hokimi E.Turdimov qatnashchilarni bayram bilan qutlar ekan, Vatan himoyachilari kuni hammamiz uchun or-nomus, jasorat va faxru iftixor bayrami ekanligini ta’kidladi.
Hamma ham bunday sharafli va o‘ta mas’uliyatli kasbni tanlamaydi, egniga harbiy libos kiymaydi. Bunday sharafga erishganlar esa chin insoniylik fazilatlari, mard va jasurligini namoyon etib, avvalo, bu nomga munosib bo‘lishga intiladi.
Muhtaram Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigida mutafakkir shoir Alisher Navoiy bobomiz ham bu dunyoda er yigitning eng buyuk, ezgu va muqaddas vazifasi, avvalo, o‘z oilasi, Vatani va xalqini munosib himoya qilishdan iboratdir, deb ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan bu yilgi bayramning “Vatan – muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!”, degan shior ostida nishonlanayotgani bejiz emas. Sana munosabati bilan 2018 yil 15 dekabrdan buyon yurtimizda Vatanparvarlik oyligi o‘tkazilmoqda. Oylik doirasida viloyatimizdagi shahar va qishloqlar, ta’lim muassasalari, mehnat jamoalarida harbiylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida ma’anaviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Yoshlarning harbiy qism va muassasalarga sayohati uyushtirilib, ulardagi vatanparvarlik, yurtga sadoqat tuyg‘ulari mustahkamlanmoqda. Yaqinda Samarqand shahrida “Mening armiyam – mening faxrim” festivali ham ana shunday tadbirlarning biri sifatida yuksak saviyada o‘tkazildi. Umuman, bu yilgi bayram har qachongidan ham keng ko‘lamda nishonlanayotgani tufayli uning zavqi va shukuhi o‘zgacha. Eng muhimi, bu tadbirlar “Armiya va xalq – bir tanu bir jon!”, degan olijanob g‘oyani o‘zida ifoda etib, ularning mushtarakligini namoyon etmoqda.
Bugun davlatimiz mudofaa qudratini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida milliy armiyamiz uchun yetuk va malakali harbiy kadrlarni tayyorlash, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini uchun munosib turmush sharoiti yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Kuni kecha muhtaram Prezidentimizning viloyatimizga tashriflari davomida Samarqand tumanining Qorasuv massivida bunyod etilgan zamonaviy ko‘p qavatli uylardan 360 ta xonadon harbiy xizmatchilarimizga tantanali ravishda topshirilmoqda. Umuman, 2018 yil davomida viloyatimizda harbiylar uchun 180 ta xonadon imtiyozli ipoteka kreditlari asosida berildi. Harbiy xizmatchilarning 10 dan ziyod farzandlari oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi. Iste’fodagi harbiy xizmatchilarimiz maktablarda o‘quvchilarni chaqiriqqacha yoshlarni tayyorlash fanlarini o‘tishga jalb qilinmoqda. Samarqand shahridagi harbiylar shaharchasining infratuzilmasini takomillashtirish, bu yerda yashovchilar uchun har tomonlama qulay turmush sharoiti yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi. Yaqin orada bu yerdagi harbiy bog‘da bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari yakuniga yetkaziladi.
Bu ishlarimiz bundan keyin ham izchil davom ettiriladi. Harbiy xizmatchilarning jismoniy, ma’naviy-intellektual tayyorgarligini oshirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish eng ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.
Tadbirda Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning 2019 yil 11 yanvardagi farmoniga ko‘ra, viloyatimizdagi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va harbiy xizmatchilardan bir guruhi davlatimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlandi.
– Xizmatim uchun davlatimizning yuksak mukofot bilan taqdirlanganimdan xursandman, – deydi Samarqand viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi mutaxassisi Fotima Saidova. – Ushbu mukofot yanada ko‘proq mehnat qilishga undadi, Vatan himoyachisi degan sharafli kasbga mas’uliyatimni oshirdi.
Harbiy orkestr va samarqandlik xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisining o‘rinbosari A.Usmonov ishtirok etdi.
Shu kuni Samarqand shahridagi “Sadaf” restoranida harbiylar uchun viloyat hokimining tantanali qabuli uyushtirildi.
Bahriddin XONKELDIYEV.