Samarqand davlat tibbiyot institutining xalqaro aloqalari kengaymoqda
Samarqand davlat tibbiyot instituti xalqaro aloqalarni muntazam kengaytirib, chet davlatlarning nufuzli idoralari va oliy ta’lim muassasalari bilan mustahkam aloqalar, kelishuvlar, memorandumlar tuzib, o‘z faoliyatini xorij tajribasi bilan doimiy uyg‘unlashtirib kelyapti.
Kecha institutga Sankt-Peterburg shahrining tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Yevgeniy Grigorev boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiya tibbiyot yo‘nalishida xalqaro aloqalarni mustahkamlash, sog‘liqni saqlash tizimi yangiliklari, texnologiyalarida o‘zaro fikr almashish va bu boradagi tajribalarni o‘rtoqlashish maqsadida institut faoliyati bilan tanishdi.
Institut rektori Jasur Rizayev mehmonlarga oliy ta’lim dargohining bugungi faoliyati, kelajakdagi rejalari haqida gapirib berdi.
Uchrashuv davomida Sankt-Peterburgning S.M.Kirov nomidagi harbiy meditsina akademiyasi, birinchi Sankt-Peterburg tibbiyot universiteti hamda Mechnikov nomidagi shimoliy-g‘arbiy tibbiyot universitetlari bilan olib borilayotgan yaqin hamkorlik aloqalariga alohida urg‘u berilib, institutning hozirgi vaqtgacha hamkorlikda qilingan ishlari muhokama etildi.
Shuningdek, Sankt-Peterburg shahri oliy ta’lim muassasalari bilan oliy tibbiy ta’lim, ilmiy faoliyat, akademik mobillik va boshqa sohalarda hamkorlikni yangi sifat darajasiga olib chiqish yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.
Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati.