Samarqand davlat universitetida fermerlar uchun seminar bo‘ldi
Mazkur anjumanda viloyatdagi 200 nafarga yaqin fermer xo‘jaliklari rahbarlari, mutaxassislar va tomorqa yer egalari ishtirok etdi.
Dastlab Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti professor-o‘qituvchilari bahor mavsumida dalalarda o‘tkazilishi zarur bo‘lgan agrotexnik tadbirlar haqida tushuncha berdi. Xususan, erta bahorda yerni ekishga tayyorlash, ekish va ekinlarni dastlabki parvarishlash, sabzavotchilik va bog‘dorchilikdagi muhim tadbirlar, o‘simliklar kasallik va zararkunandalariga qarshi kurashishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar fermerlar uchun zarur tavsiya bo‘ldi.
Seminarda, shuningdek, mahalliy va xorijiy tashkilot hamda korxonalarning mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand tayanch punkti olim va mutaxassislari mevali daraxtlarning yangi navlarini namoyish qildi.
Shavkat AKRAMOV.