Samarqand, Farg‘ona va Xivada yarim statsionar sirklar tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 yanvardagi “O‘zbek sirk san’atini yanada rivojlantirish va “O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasi faoliyatini qo‘llab quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Samarqand, Farg‘ona va Xiva shaharlarida davlat xususiy-sheriklik shartlari asosida 500-700 o‘ringa mo‘ljallangan yarim statsionar sirklarni tashkil etish belgilandi.

Respublikaning chekka hududlarida sirk dasturi va tomoshalaridan aholi, ayniqsa yoshlarni bahramand etish, ularning maroqli hordiq chiqarishlarini tashkil etish maqsadida davlat xususiy-sheriklik shartlari asosida yarim statsionar sirklarning faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun xususiy sheriklar jalb etiladi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra sirk dasturlari va tomoshalarining badiiy saviyasini oshirish hamda 2020 yilga qadar tomoshalar sonini kamida 500 tagacha, 2022 yilga qadar esa 1000 tagacha yetkazish;

2019 yil yakuniga qadar sirk zalining tomoshabinlar bilan to‘lish darajasini kamida 60 foizga va 2022 yilga borib 75 foizga yetkazish;

teatr, kino, estrada va boshqa san’at turlarini, zamonaviy yoritish va musiqali maxsus effektlarni qo‘llagan holda sifat jihatdan butunlay yangi sirk dasturlarini yaratish;

mashhur xorijiy sirk tashkilotlarini, shu jumladan, Fransiyaning «Cirque du Soleil», Xitoyning «Chang Long» xalqaro sirki, Rossiyaning Svetnoy bulvardagi «Moskva sirki», «Moskva katta sirki» va boshqa shu kabi sirklarning gastrollarini respublikamizda muntazam ravishda tashkil etish;

dunyoning mashhur sirk artistlari va mutaxassislarini respublikamizga taklif etgan holda master-klass, trening va tajriba almashish;

sirk sohasini malakali kadrlar va yetuk mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida «O‘zbek davlat sirki» davlat muassasasi xodimlarini xorijiy davlatlarning sirk yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish hamda ularning malakasini oshirish kabi vazifalar belgilab berildi.