Samarqand Italiya bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlaydi

Viloyat hokimligida Italiyaning O‘zbekistondagi Favquloddagi va muxtor elchisi Agostino Pinna (Agostino Pinna) bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda siyosiy, iqtisodiy va madaniy-ijtimoiy sohalarda Italiya bilan hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari haqida fikr almashildi. Elchi mamlakatimizning ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi yutuqlarini e’tirof etib, Italiya tomon islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Agostino Pinna Samarqand viloyati bilan Italiya o‘rtasida tashqi iqtisodiy aloqalar, mashinasozlik, axborot texnologiyalari, oziq-ovqat sanoati hamda ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risida so‘z yuritib, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda bor imkoniyatini ishga solishini ta’kidladi.

Ma’lumot o‘rnida: bugungi kunda Italiya kompaniyalari ishtirokida Bulung‘ur, Jomboy va Past Darg‘om tumanlarida 3 ta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. 2020 yilda Samarqand viloyati bilan Italiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi 7 million AQSh dollarini tashkil etgan.

Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati.