Samarqand maktablariga salkam 18 ming dona kitob yuborildi

O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijod uyi bilan hamkorlikda kitoblar karvoni respublikadagi barcha maktablarga jo‘natildi. Jumladan, minglab badiiy adabiyotlar, o‘quvchilar bilimi, dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladigan ma’naviyat va ma’rifat bulog‘i bo‘lgan kitoblar Samarqandga ham yetib keldi.

97 nomdagi 17671 dona buyuk yozuvchi va shoirlarimizning asarlari, jahon adabiyoti vakillarining noyob kitoblari, O‘zbekiston tarixi, madaniyatidan so‘zlovchi kitob-albomlardan iborat kitoblar karvoni samarqandlik kitobxon o‘quvchi-yoshlarga sovg‘a qilindi. Kitoblar orasida “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “Qizil kitob” va yana bir qancha o‘nlab noyob adabiyotlarning borligi o‘quvchilarning bilimini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Viloyat “Ta’lim-ta’minot” davlat unitar korxonasida qabul qilib olingan kitoblar karvoni tuman va shaharlardagi maktablarga tarqatilmoqda. Jumladan, Samarqand shahridagi 8-, 45-umumta’lim maktablariga kitoblarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.