Samarqand marafoni g‘oliblari aniqlandi

Xabar berganimizdek, “Samarkand Marathon” an’anaviy xalqaro xayriya marafoni yakunlandi.

Ishtirokchilar 2, 5, 10, 21 va 42 kilometr masofani bosib o‘tdi.

Musobaqa natijasiga ko‘ra,  ikki kilometr masofani o‘zbekistonlik ishtirokchilar: erkaklar o‘rtasida Alisher Safarov, ayollar bahsida Farangiz Abdujalilova finishga birinchi bo‘lib yetib keldi.

5 kilometr masofaga o‘tkazilgan bahsda marra chizig‘ini andijonlik Dilmurod Xo‘jamov, ayollar o‘rtasida Anastasiya Silchenkova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Marafonning 10 kilometr bahslarida g‘oliblik farg‘onalik Ahror Mahmudaliyev va Kamola Ablayevaga nasib etdi.

21 kilometr masofaga o‘tkazilgan erkaklar bahsida rossiyalik Mixail Kulkovga teng keladigani topilmadi. Ayollar o‘rtasida esa belarusiyalik Svetlana Kudzelich g‘olib bo‘ldi.

Marafonning 42 kilometrga yugurish bellashuvlarida erkaklar o‘rtasida o‘zbekistonlik Bekzod Boymatov, ayollar bahsida ukrainalik Yekaterina Vasilchenko marra chizig‘ini birinchi bo‘lib bosib o‘tdi. 

 

Musobaqada turli yosh toifasi bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi va faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar pul mukofoti va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.