Samarqand OTMlarining tanlov ko‘rsatkichi: SamDTIda bir o‘ringa 174, SamDUda 172 nafar nomzod

Joriy yilning 10 iyulidan boshlab Davlat test markazining qabul.dtm.uz sayti orqali abituriyentlardan tushgan arizalar soni yo‘nalishlar kesimida onlayn ko‘rish imkoniyati yaratildi. Saytda tanlagan oliy ta’lim muassasasidagi yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagi ma’lumotlar aks etgan:

- qabul rejasi (davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida);

- abituriyentlar soni;

- tanlov ko‘rsatkichi.

Mazkur ma’lumotlar har bir ta’lim shakli bo‘yicha alohida ko‘rsatiladi va ma’lumotlar har soatda yangilanadi. Ushbu ma’lumotlardan foydalangan holda Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim muassalarining tanlov ko‘rsatkichi eng yuqori bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari reytingini tuzib chiqdik.

2020 yil 11 iyul soat 12:00 holatiga ko‘ra, eng yuqori tanlov ko‘rsatkichi Samarqand davlat universiteti va Samarqand tibbiyot institutining ta’lim yo‘nalishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Yo‘nalishlar bo‘yicha eng yuqori tanlov ko‘rsatkichi esa Samarqand tibbiyot institutining professional ta’lim: tibbiy-pedagogik ish ta’lim kunduzgi ta’lim yo‘nalishi bo‘lib turibdi. Ushbu yo‘nalishdagi 13 ta kontrakt o‘rni uchun jami: 2264 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, tanlov ko‘rsatkichi bir o‘ringa 174,2 nafar abituriyent to‘g‘ri kelmoqda (abituriyentlar va ularning ota-onalari ushbu raqamlarni ko‘rib hayron qolayotgan bo‘lishlari mumkin. 2020-2021 qabul yilidan boshlab abituriyentlarga 5 tagacha ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati berilgan. Shuning uchun ham qabul.dtm.uz saytidagi bu raqamlar 5 ta ta’lim yo‘nalishi hisobida ushbu ta’lim yo‘nalishlarini tanlagan abituriyentlar sonini qo‘rsatmoqda).

Keyingi o‘rinni Samarqand davlat universitetida shu yildan qayta ochilgan yurisprudensiya (faoliyat turlari bo‘yicha) kunduzgi ta’lim yo‘nalishi egalladi. Jami 30 ta o‘rin uchun (3 ta grand 27 ta kontrakt) 5161 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan va tanlov ko‘rsatkichi 172.0 ni tashkil qilmoqda. 3-o‘rinni ham xuddi shu universitetning tarix fakuleti kunduzgi ta’lim yo‘nalishi egallab turibdi. Jami 23 ta o‘rin uchun (3 ta grant 20 ta kontrakt) 3672 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan va tanlov ko‘rsatkichi 159.7 ni tashkil qilmoqda.

Shuningdek, Samarqand davlat universitetining biologiya (kunduzgi), psixologiya: amaliy psixologiya (sirtqi), iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha) (sirtqi), boshlang‘ich ta’lim (kunduzgi), texnologik ta’lim (sirtqi) ta’lim yo‘nalishlarida va Samarqand tibbiyot institutining stomatologiya (yo‘nalishlar bo‘yicha) (kunduzgi), davolash ishi (kunduzgi) ta’lim yo‘nalishlarida ham tanlov ko‘rsatkichi yuqori bo‘lib turibdi.

Abituriyentlar abitur.dtm.uz saytidagi o‘zining shaxsiy kabineti orqali tanlagan ta’lim yo‘nalishlarini tahrirlash imkoniyatiga ega. Bu esa tanlov ko‘rsatkichlaridagi raqamlar o‘zgarishi mumkinligi (ko‘payishi yoki kamayishi mumkin) bildiradi.

Shuningdek, Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat tibbiyot instituti, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti va Samarqand davlat chet tillar institutida maqsadli qabul mavjud bo‘lib, qabul.dtm.uz sayti orqali ulardagi tanlov ko‘rsatkichlarini ham ko‘rib borish imkoniyati mavjud. Hozircha bu borada eng yuqori tanlov Samarqand tibbiyot institutining davolash ishi kunduzgi ta’lim yo‘nalishi bo‘lib turibdi. Ushbu ta’lim yo‘nalishi uchun ajratilgan 1 ta davlat granti uchun 284 nafar pastdarg‘omlik abituriyentlar da’vogarlik qilmoqda.

(Ma’lumot : 11.07.2020 yilsoat 12:00 holatigako‘ra)

Shahzod AHMEDOV,

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti o‘qituvchisi.