Samarqand qachon jahon navoiyshunosligining asosiy markazlaridan biriga aylanadi?
Bu yil atoqli adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Vohid Abdullayev tavalludiga 110 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan 3 noyabr kuni Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida “Akademik Vohid Abdullayev va Samarqand adabiyotshunoslik maktabi taraqqiyoti” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkaziladi.
Ona tilimiz va xalqimiz shuhratini olamga yoygan qaysi ulug‘ ajdodimizning hayot yo‘liga nazar tashlamaylik, Samarqand shahri, Samarqand muhiti, Samarqand maktabi bu zotlarning umr yo‘llarida muayyan maqomga ega ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Odam ush-shuaro Rudakiy va Imom Buxoriydan boshlab, Sohibqiron Amir Temur va Mirzo Ulug‘bekkacha, Mavlono Abdurahmon Jomiy va Xoja Ahror Valiydan tortib, Mir Alisher Navoiy hamda Mirzo Boburgacha o‘z qismatlarini, Samarqand taqdiri bilan mushtarak, deb bilganlar, ilm-fan, dinu diyonat, madaniyat va san’atning beshigi bo‘lgan bu muqaddas makonga hamisha o‘z ehtiromlarini izhor etib turganlar. O‘z navbatida Samarqand ahli va Samarqand maktabi namoyandalari bu ulug‘ zotlarning shuhratini olamga yoyishga baholi qudrat hissa qo‘shganlar.
Jumladan, o‘zbek mumtoz adabiyotining asoschisi Mir Alisher Navoiyning hayoti va faoliyatini o‘rganishda samarqandlik olimlarning hissasi beqiyos. Shoirning siyosiy faoliyatini yorituvchi ilk tarixiy manba Abdurazzoq Samarqandiyning “Matla’i sa’dayn va majma’i bahrayn” asari bo‘lsa, uning ijodiy faoliyati va shoirlik salohiyati haqida qimmatli ma’lumot beruvchi ilk manba muallifi boshqa bir samarqandlik shoir va olim – Davlatshohning “Tazkirat ush-shuaro” tazkirasidir. Samarqandlik bu ikki olim hali Mir Alisher hayotligi paytidayoq navoiyshunoslikni boshlab berganlar va ushbu an’ana asrlar davomida boshqa olimlar tomonidan izchil davom etib kelmoqda.
XX asrning birinchi choragidan boshlab, navoiyshunoslik fanning alohida tarmog‘i sifatida shakllana boshladi. Kamoli qoniqish bilan qayd qilish lozimki, Alisher Navoiy haqidagi dastlabki maqola va tadqiqotlar aynan Samarqand ilmiy va adabiy maktabi namoyandalari tomonidan yaratildi.
Aytish kerakki, Navoiyga munosabat, Navoiy shaxsiga ehtirom sho‘rolar zamonida birdaniga ijobiy tus olgan emas. Ayrim olimlar “Navoiy kabi saroy shoirlarining uslublari asrimiz zavqiga ham, ehtiyojiga ham tamomila yaroqsizdir”, degan fikrda bo‘lgan paytda Abdurauf Fitrat va Vadud Mahmud kabi millat fidoiylari Navoiyni “o‘zbek shoirlarining bobosi”, Navoiy yashagan davrni esa adabiyotimizning “birinchi oltin davri” deb haqqoniy baho berishga jur’at qilganlar.
Keyinchalik bu jarayonga Sadriddin Ayniy, Abdurahmon Sa’diy, Vohid Abdullayev qo‘shilib, Samarqandda tom ma’nodagi navoiyshunoslar maktabiga asos soldilar. Sadriddin Ayniy tojik tilida “Alisher Navoiy” monografiyasini yaratish barobarida “Xamsa”ning qisqartirilgan nashrini tayyorlagan bo‘lsa, Abdurahmon Sa’diy Navoiy ijodining umumfalsafiy va badiiy mahorati masalalarini o‘z doktorlik dissertatsiyasida asoslab berishga harakat qilgan. Ayniqsa, alloma Vohid Abdullayevning “Navoiy Samarqandda” nomidagi tadqiqoti o‘z davrida voqelik hisoblanib, bugungi kungacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmay kelmoqda. Vohid Abdullayev tadqiqotida Alisher Navoiyning Samarqandda to‘rt yil yashaganligi, Samarqand va Movarounnahrning qator shoirlari va olimlari bilan ijodiy aloqada bo‘lganligi, Samarqanddan olgan bahramandliklari keyingi butun ijodiga samarali ta’sir qilib, go‘zal she’rlari va dostonlariga material sifatida xizmat qilganligi ilmiy dalillar asosida isbotlab berilgan. Bartold va boshqa sharqshunoslar bu davrda Samarqandda ilm-fan, madaniyat inqirozga yuz tutgan, Hirotda esa, aksincha rivojlangan, degan fikrni ilgari surishgan. V.Abdullayev o‘z tadqiqotida aniq fakt va dalillar asosida 15-asrning 50-60 yillarida Samarqandda madaniy-adabiy muhit ancha jonlangani, aksincha Abusaid Mirzo davridagi Hirot ziddiyatlar o‘chog‘iga aylanib qolgani, shu bois, ilm va adabiyot namoyandalari Hirotdan Samarqandga intilganlarini isbotlab bergan.
Ustoz Vohid Abdullayev yaratgan “Navoiy zamonida Buxoro she’riyati”, “XIX asrda Buxoroda navoiyxonlik va Navoiy an’analari”, “Navoiy va Kohiy”, “Navoiy va nazira”, “Navoiy va Munis”, “Alisher Navoiy va Atoullo Atoyi”, “Navoiy va Bobur”, “Xamsa shoirlar nazmida” kabi tadqiqotlari Alisher Navoiy ijodining keyingi davrlar o‘zbek adabiyotiga ta’siri masalalarini yoritishga bag‘ishlangan. Bu ilmiy ishlarda bir tomondan, Alisher Navoiy an’analarining boshqa shoirlar tomonidan izchil rivojlantirilganligi masalasi yoritilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan adabiyotimiz tarixida yangi-yangi, shoirlarni kashf etish, ularning o‘z davrlari adabiyotida tutgan o‘rnini aniqlab berish kabi g‘oyat muhim maqsadlar ko‘zda tutilgan. Bu ishlarning aksariyatida adabiyotimiz tarixi uchun noma’lum bo‘lib kelayotgan faktlar qo‘lyozma manbalar asosida o‘rganilgan.
Bu ustozning davomchilari – Sodiq Mirzayev, Botirxon Valixo‘jayev, Rahmonqul Orzibekov va boshqalarning tadqiqotlarida ham Navoiyning shaxsiyati, ijodi va dunyoqarashining turli qirralari tadqiq etildi. Shuningdek, Samarqand navoiyshunoslik maktabida kamol kasb etib, ammo Toshkent va boshqa shaharlardagi ilmiy markazlarda faoliyat olib borgan va olib borayotgan olimlar haqida ham ko‘p va xo‘b gapirish mumkin. Ularning bu sohadagi izlanishlari va tadqiqotlarini alohida e’tirof etgan holda bemalol aytish mumkinki, mustaqillikdan keyin ijtimoiy hayotning barcha sohalarida kuzatilgani kabi Samarqanddagi navoiyshunoslik maktabi ham rivojlanishning yangi pallasiga qadam qo‘ydi.
Navoiy asarlari bo‘yicha uchta doktorlik (M.Muhiddinov, Sh.Sirojiddinov, D.Salohiy) va bir nechta nomzodlik dissertatsiyalar himoya qilindi, o‘nlab kitob va monografiyalar, o‘quv qo‘llanma va darsliklar nashr etildi. Respublika miqyosida navoiyshunoslikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan turli ilmiy-amaliy konferensiyalar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetida “Temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa”larning komparativistik tadqiqi” mavzusida fundamental tadqiqot olib borildi. Mazkur mavzuidagi loyiha doirasida 3 ta maqolalar to‘plami, 1 ta darslik, 2 ta o‘quv qo‘llanma, 7 ta monografiya nashr etildi. Monografiyalardan ikkitasi Germaniyaning “LAP LAMBERT” xalqaro akademik nashriyotida nashr etilgani xorij mutaxassislarining navoiyshunoslik haqidagi qarashlarining yanada to‘liq bo‘lishiga hissa qo‘shdi. Shuningdek, loyiha ishtirokchilari tomonidan qo‘lga kiritilgan ilmiy xulosalar ilmiy maqola va tezislar shaklida respublika va xalqaro ilmiy jurnallarda, ilmiy konferensiyalarda e’lon qilindi.
Umuman, olganda, Samarqand ilmiy maktabi navoiyshunoslik fanining yanada rivojlanishi uchun hal qilish lozim bo‘lgan vazifalar talay. Bu kabi xayrli ishlarni 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan “Akademik Vohid Abdullayev va Samarqand adabiyotshunoslik maktabi taraqqiyoti” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumanida baholi qudrat amalga oshirish uchun fikrlashamiz. Zero, bu vazifalar samarqandlik olimlar zimmasiga yanada ko‘proq zahmat chekish, ilmiy xolislik mezonlari asosida yangi-yangi tadqiqotlar yaratish, shu tariqa bu shaharni tom ma’noda jahon navoiyshunosligining asosiy markazlaridan biriga aylantirish vazifasini yuklaydi. Bu borada esa akademik Vohid Abdullayev boshlab bergan ilmiy-amaliy tadqiqotlar naf beradi.
Muslihiddin Muhiddinov,
Sharof Rashidov nomidagi SamDU professori, filologiya fanlari doktori.