“Samarqand ruhi” barqaror taraqqiyot va hamkorlik ramziga aylanadi

Ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand ulkan izdihom markaziga aylandi. Dunyoning qariyb yarim aholisi istiqomat qiladigan mamlakatlar rahbarlari qadimiy va hamisha navqiron kentda jam bo‘lib, mintaqada tinchlikni mustahkamlash, iqtisodiy-ijtimoiy aloqalarni rivojlantirish mavzuida kengashmoqda.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 22-sammitiga viloyatimizda har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Xalqaro siyosiy anjumanda o‘n to‘rtta, jumladan, a’zo mamlakatlar (O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston) hamda kuzatuvchi maqomidagi davlatlar (Eron, Belarus va Mo‘g‘uliston), shuningdek, mehmon sifatida taklif etilgan mamlakatlar (Turkiya, Ozarbayjon va Turkmaniston) rahbarlari ishtirok etdi. Jarayonni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib borish asnosida Vatanimizning, xususan Samarqand shahrining insoniyat tarixida tutgan o‘rni, dunyo tamadduniga qo‘shgan hissasi, bugungi mavqei ko‘z oldimdan o‘tdi.

1404 yilda Sohibqiron Amir Temur saroyiga kelgan Kastiliya (Ispaniya) elchisi Rui Gonsales de Klavixo yo‘l xotiralaridan iborat “Kundalik”larida shunday yozadi: “Temur davlatining shon-shuhrati Ovro‘po mamlakatlarigacha borib yetdi. Angliya, Fransiya, Ispaniya, Genuya va Vizantiya singari davlatlarning hukmdorlari Amir Temur bilan siyosiy va savdo-iqtisodiy munosabatlar o‘rnatishga intilib, ulug‘ jahongir huzuriga muntazam ravishda o‘z elchilarini yuborib turdilar”.

Demak, 6-7 asr avval ham yurtimiz jahon siyosati va diplomatiyasida muhim o‘rin tutgan. Qolaversa, iqlimi va tabiati benazir, tuprog‘i unumdor bu zamin o‘sha zamonlarda ham xorijliklarni o‘ziga maftun etgan.

Klavixoning quyidagi hayrati ham diqqatni tortadi: “Bu yurt don-dun, may, meva-cheva, parranda go‘shti, boshqa har xil go‘sht, qo‘yingki, hamma narsaga boydir... Samarqand shahrida har yili Xitoy, Hindiston, Tatariston va boshqa mamlakatlardan, shuningdek, benihoya boy Samarqand saltanatining o‘zidan keltirilgan mollar sotiladi. Podshoh ikki tarafida qator do‘konlar joylashtirilgan savdo rastasidan iborat ko‘cha o‘tkazishni buyurdi. Ko‘chaning ikki tarafiga do‘konlar qurildi, har bir do‘kon oldida marmar bilan qoplangan yuksak kursilar o‘rnatildi. Har bir do‘kon ikkita xonadan iborat edi. Ko‘chaning tepasi gumbaz shaklida yopilgan bo‘lib, yorug‘lik tushib turadigan tuynukchalar qo‘yilgan. Shaharning savdo ahli, sarroflar, chitfurushlar, javohir va boshqa turli-tuman mollar bilan savdo qiluvchilar, oshpazlar, qassoblar, novvoylar, tikuvchilar, kafshdo‘zlar va boshqa barcha hunarmandlar podshoh o‘rdasi joylashgan yalanglikka chiqib, chodir tikib savdo qiladilar. Mahalliy xalq – mehnatsevar, mohir chavandoz, kamon otuvchi mergan, umuman urushda sabot-matonatli xalq. U boriga qanoat qilib, nonsiz birgina sut va go‘sht bilan ham kun kechiraveradigan, go‘shtli va go‘shtsiz ovqat bilan ham tirikchilik qilishga o‘rgangan xalq. Issiq va sovuqqa, ochlik va tashnalikka chidamlilikda jahondagi boshqa eldan sabotliroq va chidamliroqdir”.

Sammit arafasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” maqolasi e’lon qilindi. Mazkur maqola mahalliy va xorijiy jamoatchilik vakillari tomonidan qizg‘in muhokama qilinmoqda.

“O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan o‘ziga xos “tarixiy evrilish” pallasiga to‘g‘ri keldi – bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda hamda bashorat qilish mushkul bo‘lgan yangi bir davr boshlanmoqda. Dunyoning turli nuqtalarida davom etayotgan qurolli mojarolar savdo va investitsiya oqimlarini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash borasidagi muammolarini yanada keskinlashtirmoqda. Shu bilan bir qatorda, global iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligining ortishi, bioxilma-xillikka putur yetishi hamda xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi jamiyatlarimizning zaif tomonlarini yanada yaqqolroq ko‘rsatib bermoqda. Bu muammolar insoniyat taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan mushtarak qadriyat va ne’matlarning yemirilishiga olib kelib, odamlar hayoti va faoliyatiga tahdid solmoqda, ularning daromad manbalarini qisqartirmoqda. Bunday murakkab sharoitda bir xaqiqat aniq: hech bir mamlakat yolg‘iz holda ushbu global xavf-xatarlarni chetlab o‘tish yoki bartaraf etishga qodir emas”, – deydi Prezident.

Ushbu fikrlar bugun sammitning kengaytirilgan yig‘ilishida davlatimiz rahbarining nutqida ham alohida qayd etildi. Shuningdek, ShHT makonida barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladigan yana bir qator taklif va tashabbuslar bildirildi. Muhimi, bu hayotiy tashabbuslarni amalga oshirish mexanizmlari ham ko‘rsatib berildi. 

Samarali xalqaro hamkorlik – bu dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqiyotning eng muhim omilidir. Aynan shunday yondashuv zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi xavf-xatar va ijtimoiy larzalardan himoyalanish uchun eng aniq, maqbul va samarali yo‘l hisoblanadi.

Amir Temur bobomiz “Temur tuzuklari”da “Tajribamdan bildimki, sodiq va haqiqiy do‘st ulkim, do‘stidan ranjimaydi, do‘stining dushmanini o‘z yovi deb biladi. Agar kerak bo‘lsa, do‘sti uchun jonini ham ayamaydi”, – deya ta’kidlaganlar. Ushbu hikmat bugun ko‘hna Samarqandda mehmon bo‘lib turgan davlat rahbarlariga olti asr avval Sohibqiron tomonidan aytilgan maslahat, o‘gitdek go‘yo. Binobarin, Shanxay Hamkorlik Tashkilotining ko‘p qirrali tarixiy sammitiga Samarqand mezbonlik qilayotganida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Dunyoning turli nuqtalaridan tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchi va ekspertlar, jurnalistlar ham ta’kidlashmoqda. Bu – Samarqand ruhi tushunchasining o‘zagi bo‘lib xizmat qiladi.

Bugun o‘zaro nizolashib turgan mamlakatlar ham mazkur sammitdan so‘ng barqaror, tinch hayotga qaytishiga umid qilamiz. Ishonchimiz komilki, mazkur xalqaro anjumandan keyin davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar, barcha jabhalardagi aloqalar ijobiy tomondan yanada rivojlanadi.

Qayum SOBIROV,

Jomboy tumani hokimi.