“Samarqand ruhi” Markaziy Osiyoda o‘zaro hamkorlikning yangi shakllari rivojlanishiga hissa qo‘shadi
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov mamlakatimizning ShHTga raisligining ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlab «Xalq so‘zi» gazetasida chop etilgan intervyusida “Samarqand ruhi” tushunchasiga to‘xtalib o‘tdi.
“Yangi O‘zbekistonning faol va jadal sur’atlarda rivojlanayotgan diplomatiyasida Samarqand shahri mamlakatimizning eng muhim xalqaro tashabbuslarini ilgari surish uchun noyob platforma bo‘lib xizmat qilmoqda”, deya ta’kidladi V.Norov. Buni so‘nggi yillarda mazkur shahar mezbonlik qilgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mazusidagi xalqaro konferensiya (2017), Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi (2018), Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi (2020) va boshqa qator yirik tadbirlar misolida ko‘rishimiz mumkin.
BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German ta’biri bilan aytganda, bu kabi yirik anjumanlar natijasida “Samarqand ruhi” degan tushuncha o‘zining yaqqol ifodasini topib ulgurdi.
Demak, “Samarqand ruhi” ShHT hududining geografik asosi hisoblanadigan Markaziy Osiyoda o‘zaro hamkorlikning yangi shakllari rivojlanishiga hissa qo‘shadi. Qolaversa, bu platforma yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va ochiqlik muhitida mintaqaviy hamda global taraqqiyotning dolzarb masalalari muhokamasiga yangi imkoniyatlar yaratadi.