Samarqand shahar DXMda «Prava»ni almashtirish qayta yo‘lga qo‘yildi

2021 yilning 27 sentyabridan fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida Samarqand shahar davlat xizmatlari markazida eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish xizmati yo‘lga qo‘yilgan edi.
Xizmat ishga tushgach, 1200 dan ortiq fuqaro markaz orqali eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagisiga ortiqcha ovoragarchiliklarsiz almashtirdi.

Biroq ayrim texnik sabablar bois, markaz orqali mazkur xizmatni ko‘rsatish vaqtincha to‘xtatilgan edi. Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishi natijasida muammo bartaraf etildi. 16 fevraldan boshlab «prava»ni almashtirish qayta yo‘lga qo‘yildi.

Ta’kidlash kerakki, eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirishda hech qanday qayta imtihon varaqasi talab etilmaydi.

Aholiga qulay bo‘lishi uchun, eski haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish 2022 yil 31 dekabrga qadar davom etadi.

Eski haydovchilik guvohnomalari quyidagi muddatlarda yangisiga majburiy almashtiriladi:

● 2010 yilgacha berilganlari – 2022 yil 31 martgacha;
● 2010–2012 yillarda berilganlari – 2022 yil 30 iyungacha;
● 2013–2015 yillarda berilganlari – 2022 yil 30 sentyabrgacha;
● 2015 yildan keyin berilganlari – 2022 yil 31 dekabrgacha.

DXA viloyat boshqarmasi axborot xizmati.