Samarqand shahrida ochilgan Xalqaro ekologik oromgoh qo‘shni Turkmaniston OAV nigohida

Turkmanistondagi ommabop "Salam News" saytida "Turkmaniston yoshlari O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan Xalqaro yoshlar ekologik oromgohida ishtirok etmoqda" sarlavhali maqola e’lon qilindi.

"23 iyun kuni Samarqand shahrida Xalqaro ekologik oromgoh ish boshladi. Joriy yilda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari –O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ekologiya faollari safiga Ozarbayjon, Vengriya va Turkiyadan kelgan ishtirokchilar qo‘shildi", – deb ma’lum qilingan maqolada.

Xabar qilinganidek, tadbir "Zamin" xalqaro jamoat fondi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, YuNICEF, BMTning Taraqqiyot dasturi hamda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hamkorligida o‘tkazilmoqda.

"30 iyunga qadar davom etadigan oromgoh doirasida seminarlar, xalqaro ekspertlar bilan iqlim kun tartibidagi dolzarb mavzular bo‘yicha munozaralar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, SOR-29 ko‘rgazmasida mamlakatlar taqdim etishni rejalashtirayotgan loyihalarni ishlab chiqish va muhokama qilish, ularda yosh eko-rahbarlar ishtirok etishi masalalariga e’tibor qaratiladi", – deyiladi nashrda.

Manba