Samarqand shahrida yo‘nalishsiz taksilarda nega taksometr yo‘q?

- Nima uchun Samarqand shahrida yo‘nalishsiz taksilar hamon taksometrlardan foydalanmaydi?

Mehribon G‘ANIYEVA,

Samarqand shahri.

- Viloyatimizda bugungi kunda 198 ta korxona tomonidan yo‘nalishsiz taksi xizmati ko‘rsatilmoqda va ularda jami 4632 ta avtomobil litsenziyalangan.

Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 18 maydagi 193-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Yo‘nalishsiz taksilar uchun yagona tanish belgilari va ularning ishlarini tashkil etishga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida»gi nizomiga asosan yo‘nalishsiz taksilar hisoblagich (taksometr) bilan jihozlanishi shart.

Bugungi kunda Samarqand viloyatida yo‘nalishsiz taksilarga “Arxideya Motors” MChJ tomonidan “Phoenix – 9000” rusumli 2840 ta, “Samarqand DP ETS» korxonasi tomonidan “Stayer” rusumli 1550 ta taksometr qurilmalari o‘rnatilgan.

Taksometrlarni ishlatish tashuvchi korxona zimmasiga yuklatilgan va ularning nazorati davlat soliq organlari tomonidan amalga oshirilishi lozim.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi inspektorlari tomonidan 2019 yilning o‘tgan davrida belgilangan tartibda jihozlanmagan yo‘nalishsiz taksilarga nisbatan 206 ta dalolatnoma rasmiylashtirilib, litsenziya varaqalarining amal qilishi 10 ish kunigacha to‘xtatib turish bo‘yicha choralar ko‘rilgan.

I.HAMRAYEV,

viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i.