Samarqand viloyati hokimining qarori

Shu bilan birga, viloyat qurilish bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari, qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi hamda sohaga mas’ul boshqa idoralar rahbarlari tomonidan nazoratning susaytirib yuborilganligi natijasida, shuningdek, shahar va tumanlar hokimlarining loqaydligi oqibatida aholi punktlarini rekonstruksiya qilish va obodonlashtirishda, me’moriy va tarixiy-madaniy yodgorliklarni tiklashda, ko‘p qavatli turar joy binolari, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma ob’yektlarini joylashtirish va qurishda shaharsozlik faoliyati sohasida belgilangan normalar va qoidalarning qo‘pol ravishda buzilishi hollari davom etmoqda.

Hududiy qurilish bo‘linmalari rahbarlarida qat’iyat yetishmasligi oqibatida aholi punktlarini qurish shaharsozlik va arxitektura normalari, kommunikatsiya, transport va sanitariya talablari, istiqbolli qurilish rejalari bilan mutlaqo bog‘lanmasdan amalga oshirilmoqda.

 

Xususan, Samarqand shahrida 2015-2018 yillar davomida bunyod etilgan 71 ta ko‘p qavatli uylarni xatlovdan o‘tkazish natijalari bu borada ko‘plab salbiy holatlar mavjudligini ko‘rsatdi. Ya’ni, ko‘p qavatli turar joy binolarini qurishning sifat darajasi pastligi, kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishda nuqsonlar mavjudligi, o‘rnatilgan liftlarning ishlamasligi, hududlarda bolalar sport maydonchalari va o‘yingohlar qurilmaganligi, avtoturargohlar tashkil etilmaganligi, uylarga kuzatuv kameralari o‘rnatilmaganligi, obodonlashtirish ishlari talab darajasida bajarilmayapti.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklar, mahalliy davlat hokimiyati organlari mansabdor shaxslarining o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmasligi, shuningdek, qurilish bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari rahbarlarining aholi punktlarini kompleks qurish muammolarini hal qilishdan o‘zlarini chetga olishlari shahar va tumanlar qiyofasi buzilishiga, aholining haqli noroziligiga olib kelmoqda, shuningdek, viloyatga tashrif buyurayotgan mehmonlarda salbiy taassurot uyg‘otmoqda.

Viloyatda aholi punktlarini zamonaviy shaharsozlik talablari va milliy an’analarga muvofiq kompleks rivojlantirishni ta’minlash, me’moriy-tarixiy merosni saqlab qolish, qabul qilinayotgan loyiha yechimlari sifatini oshirish, shuningdek, shaharsozlikka oid qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish hamda kelgusida Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida shaharsozlik faoliyatini tartibga solish, ob’yektlarni qurishda belgilangan norma va qoidalarga rioya etilishini ta’minlash, qurilishi tugallangan, ayniqsa, xususiy investitsiya mablag‘lari hisobidan bunyod etilgan ko‘p qavatli turar joy binolarini foydalanishga qabul qilishning yagona va ishonchli tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 6 va 25-moddalariga asosan QAROR QILAMAN:

1. Viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari (A.Shukurov), Samarqand shahar hokimi (F.Raximov), viloyat qurilish bosh boshqarmasi va uning Samarqand shahar bo‘linmasi hamda qurilish sohasida nazorat inspeksiyasining Samarqand shahrida shaharsozlik faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish, aholi punktlarini kompleks qurishda bosh rejalarga, ayniqsa, ko‘p qavatli turar joy binolarini qurishda shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha ishlari qoniqarsiz deb hisoblansin.

2. Viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari (A.Shukurov), Samarqand shahar hokimi (F.Raximov), viloyat qurilish bosh boshqarmasi va uning shahar bo‘linmasi, qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi rahbarlari aholi punktlarini kompleks qurish bosh rejalariga, ko‘p qavatli turar joy binolarini qurishda shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi uchun shaxsan javobgar ekanliklari to‘g‘risida ogohlantirilsin.

Ikki kun muddatda Samarqand shahrida 2015-2018 yillarda qurilgan 71 ta ko‘p qavatli uylarni xatlovdan o‘tkazish natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilishini ta’minlasin.

Viloyat hokimligi sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha kotibiyati (J.Korjavov) chora-tadbirlar rejasida ko‘zda tutilgan tadbirlarni bajarilishi yuzasidan monitoring yuritsin va har o‘n kunda viloyat hokimiga yozma axborot kiritib borsin.

3. Viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari (A.Shukurov):

hududiy qurilish, yer resurslari va davlat kadastri bo‘linmalari, boshqa aloqador organlar tomonidan shaharsozlikka oid qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan ta’sirchan nazoratni ta’minlasin;

aholi punktlarini qurishda shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishining ishchi guruhlar tomonidan muntazam ravishda o‘rganilishini;

tasdiqlangan jadvalga muvofiq ishchi guruhlar tomonidan o‘rganish natijalari ko‘rib chiqilishini, shuningdek tegishli rahbarlarning hisobotlari eshitib borilishini ta’minlasin;

 viloyat qurilish bosh boshqarmasi (B.Nazarov) bilan birgalikda loyihalashtirish tashkilotlari tomonidan Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida qurilishi rejalashtirilgan ko‘p qavatli uylarning ishlab chiqilgan arxitektura loyiha-smetalariga avtoturargoh, sport maydonchalari va bolalar o‘yingohlari, dam olish ayvonchalari va uylarga videokuzatuv moslamalarining o‘rnatilishini joylashtirilishi bo‘yicha belgilangan tartibga rioya etilishini ta’minlash choralarini ko‘rsin.

4. Samarqand shahar hokimi (F.Raximov)ga shaharda 2015-2018 yillarda qurib foydalanishga topshirilgan ko‘p qavatli uy-joylarda aniqlangan kamchiliklarni bir oy muddatda bartaraf etish choralarini ko‘rish va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan viloyat hokimiga axborot berish vazifasi yuklatilsin.

5. Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari hokimlari (F.Raximov, M.Hoshimov) qurilishi tugallangan ko‘p qavatli turar-joy binolari foydalanishga qabul qilinishida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan “Qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning Ma’muriy Reglamenti”ning quyidagi talablariga:

foydalanishga qabul qilish dalolatnomasisiz ob’yektlarni foydalanishga qabul qilish taqiqlanishi;

ob’yektlarni foydalanishga qabul qilish tartibotida:

a) viloyat davlat yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri korxonasi dalolatnoma loyihasini ishlab chiqishi;

b) shahar qurilish bo‘limlari dalolatnoma loyihalarini kelishishi;

v) davlat sanitariya epidemiologiya nazorati organlari, davlat yong‘in nazorati organlari, qurilish sohasida nazorat bo‘yicha hududiy inspeksiyalar ob’yektlarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomalari loyihalarini kelishishi yuzasidan belgilangan tartibga qat’iy amal qilsinlar.

Qurilishi (rekonstruksiya) tugallangan ob’yektlarni foydalanishga qabul qilish borasida Davlat xizmatlari markazi bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilishini ta’minlansin.

6. Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida qurilishi tugallangan ob’yektlar (ko‘p qavatli uylar)ni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha Davlat qabul komissiyasi (keyingi o‘rinlarda komissiya)ning namunaviy tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. Komissiya:

ob’yektlar qurilishi (rekonstruksiyasi)ning tugallanmaganligi aniqlanishi yoki shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq emasligi dalolatnoma loyihasini tayyorlash yoki kelishishni rad etish uchun asos bo‘lishi yuzasidan belgilangan tartibga rioya etilishini ta’minlasin.

Ko‘p qavatli turar joy binolarini foydalanishga qabul qilishda quyidagi holatlarga alohida e’tibor qaratsin:

qurish va ta’mirlash ishlarining shaharsozlik normalari va qoidalari, zamonaviy talablar va milliy an’analarga muvofiq olib borilganligi, atrof muhitni muhofaza qilish, ekologiya xavfsizligi talablariga, shuningdek sanitariya normalari va qoidalariga rioya etgan holda har tomonlama sifatli amalga oshirilganligi;

boy me’moriy-tarixiy merosni saqlab qolishni ta’minlash yuzasidan belgilangan tartiblarga amal qilinganligi;

kommunikatsiya tarmoqlariga belgilangan tartibda to‘liq ulanganligi (elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi hamda issiqlik tarmoqlari), ularning sifati va to‘la quvvatda ishlashi;

har bir kirish yo‘lagi (pod’yezd)ning kirish qismida temir va kodli eshiklar o‘rnatilganligi;

xonadonlarga elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi hisoblagichlarining belgilangan tartibda o‘rnatilganligi;

yangi lift o‘rnatilganligi hamda ularning to‘la quvvatda uzluksiz ishlash holati;

hududda sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari, dam olish ayvonchalari va avtoturargohlar qurilganligi;

turar joy binosiga videokuzatuv moslamalarining o‘rnatilganligi va ularning ishlash holati;

 hududda obodonlashtirish ishlari va kirish yo‘laklari tasdiqlangan arxitektura loyihasi asosida to‘liq va sifatli olib borilganligi.

8. Viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi (R.Sattorov)ga foydalanishga qabul qilingan ko‘p qavatli turar joy binolari bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda yangidan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati (XUJMSh)ni tashkil etishga ko‘maklashish va unga a’zolik masalalarini tashkillashtirish vazifalari topshirilsin.

9. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi (A.Toshpo‘latov)ga qurilishi tugallangan ko‘p qavatli uylarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtirilmasdan, fuqarolarning uylarga ko‘chib o‘tishlariga yo‘l qo‘yilmasligi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish vazifasi topshirilsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi A.Shukurov zimmasiga yuklatilsin.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi  E.Turdimov

2018 yil 11 oktyabr