Samarqandda 116 ehtiyojmand oila o‘z xonadoniga ega bo‘ldi
Samarqand shahrida kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda yetim bolalar uchun qurilgan uchta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi.
Shaharning Nurli kelajak mahallasidagi 116 xonadondan iborat mazkur uylarning qurilishi uchun mahalliy byudjetdan 19,3 milliard so‘m, xonadonlarni tayyor holatga keltirish hamda jihozlash uchun homiylar hisobidan 1,2 milliard so‘m mablag‘ sarflangan.
Xonadonlarni o‘z egalariga topshirish marosimi katta shodiyonaga aylanib ketdi. Tantanali tadbirda viloyat hokimligi, sektor rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov o‘z uyiga ega bo‘layotgan insonlarni tabriklab, ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolar, yetim va ota-onasiz qolgan bolalar davlatimizning doimiy e’tiborida ekanligini ta’kidladi.
Mazkur xonadonlarning 76 tasi yashash joyi bo‘lmagan, ijtimoiy himoyaga muxtoj, nogiron hamda kam ta’minlangan fuqarolarga doimiy yashash huquqi bilan, 38 tasi esa yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga berildi. Shuningdek, bu yerda mahalla fuqarolar yig‘ini va profilaktika inspektori uchun ham xonalar ajratildi.
- Turmush o‘rtog‘im bilan bolalikdan nogironmiz, - deydi yangi uy sohibi Sergey Balalyan. - Shu paytgacha ijtimoiy uyda bir xonali kvartirada turgan edik. Farzandli bo‘lganimizdan keyin viloyat hokimiga murojaat qilgan edik, mana bugun shu masalaga yechim topildi. Quvonarlisi bugun tushgacha SamDAQIda diplom ishimni himoya qildim, kunning ikkinchi yarmida esa yangi uyga ko‘chib kirdik. Kuni kecha hokim va bitiruvchi yoshlar uchrashuvida ishga joylashish masalasi ham hal etilgandi.