Samarqandda 13 viloyatning voleybol jamoalari kubok uchun bellashmoqda

Joriy yilning 12-17 noyabr kunlari Samarqand shahrida voleybol bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi XXVI O‘zbekiston kubogi musobaqasi o‘tkaziladi.

Kecha mazkur musobaqaning tantanali ochilish marosimida Respublika voleybol federatsiyasi ijrochi direktori F.Alimov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R.Qobilov ushbu sport turining yanada ommalashayotgani, kuchli jamolar safi kengayotgani, qolaversa, bu galgi musobaqada ilk bor respublikamizning 13 ta viloyati jamoalari maydonda o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazayotganini e’tirof etdi.

Jamoalar 4 guruhga bo‘lingan holda bahsga kirishdi. “A” guruhidagi bahslarda Buxoro viloyatining “Buxoro” jamoasi Jizzax davlat pedagogika institutining “JizDPI” jamoasi ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Shuningdek, jizzaxliklar jamoasi shu guruhda o‘yin olib borgan Toshkent shahrining “Oriyent” jamoasiga ham yutqazib qo‘ydi.

“V” guruhida o‘ynagan “Andijon” jamoasi “Navoiy olimp” jamoasiga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. “S” guruhida bellashgan Samarqandning “Aloqa” jamoasi valeybolchilari “Sirdaryo” jamoasini 3:0 hisobida yengdi. “D” guruhida yana bir samarqandliklarning “SamDU” jamoasi Farg‘ona davlat universitetining “Yoshlik” jamoasini 3:2 hisobida mag‘lub etdi. Farg‘ona viloyatining “Qo‘qon” jamoasi, Navoiy viloyatining “Sug‘diyona” jamoasiga yutqazdi.

Eslatib o‘tamiz: mazkur musobaqa 17 noyabrga qadar davom etadi.

Musobaqa bo‘lib o‘tayotgan manzil: Samarqand davlat universiteti sport zali (Samarqand davlat chet tillar instituti binosi).

Husan ELTOYeV.