Sport xabarlari
Armrestling
Qo‘shrabot tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabida armrestling bo‘yicha 15-17 yoshlilar o‘rtasida viloyat birinchiligi o‘tkazildi.
Murosasiz kechgan bahs yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida qo‘shrabotliklar birinchi, ishtixonliklar ikkinchi, Samarqand shahar yoshlari uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
***
Voleybol
Siyob tibbiyot kolleji sport zalida faxriylar o‘rtasida viloyat ochiq turniri bo‘lib o‘tdi. Unda Qashqadaryo, Andijon viloyatlari, Toshkent shahri va viloyatimiz faxriylari bahsga kirishdi.
Yakunda samarqandlik faxriylar birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin toshkentliklarga va uchinchi o‘rin andijonliklarga nasib etdi.
Husan ELTOYeV.
***
Akrobatika
Samarqand shahridagi gimnastika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida akrobatika bo‘yicha viloyat ochiq birinchiligi bo‘lib o‘tdi.
2000 yilda tug‘ilgan va undan kichik yoshdagi qiz va o‘g‘il bolalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bahsda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridan ham yosh akrobatlar qatnashdi. Musobaqa yakunida samarqandlik 15 nafar akrobatikachilar birinchilikni egalladi.
Bekzod AHMEDOV.
***
Shinkiokushinkay
Paxtachi tumanidagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari orasida sportga qiziquvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Jumladan, sportning shinkiokushinkay karate turi bo‘yicha Navoiy shahrida o‘tkazilgan respublika birinchiligi musobaqasida O‘g‘iloy Sayfiyeva (suratda) o‘z vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Karimjon Boboqulov erkin kurash bo‘yicha yil boshidan buyon respublika doirasidagi musobaqalarda 9 ta medal sohibi bo‘ldi, Turkiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada esa uchinchi o‘rinni egalladi. Yana bir kurashchi – Shuhratbek Yarashev ham mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligi munosabati bilan kurash bo‘yicha o‘tkazilgan respublika birinchiligida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Izzatulla NORQUVVATOV.