Samarqandda 5 oyda 1214 ta qayd etilgan ajrimning asosiy sabablari ma’lum qilindi

Samarqand viloyatida 2019 yilning dastlabki besh oyida sudlar tomonidan 2271ta nikohdan ajratish bilan bog‘liq hal qiluv qarorlari chiqarilgan. Shundan 1214tasi qanoatlantirilgan.

Bu haqda Samarqandda bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari viloyat kengashining oltmish to‘rtinchi sessiyasida viloyat fuqarolik sudi tomonidan ma’lumot berilganini Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mutaxassislar tomonidan nikohdan ajratish bo‘yicha sudga murojaat qilish sabablari ham tahlil qilingan. Quyida ajrimlarning asosiy sabablari sanab o‘tilgan.

Jumladan, 2271ta ajrim ishidan 1250tasi oilaviy kelishmovchilik, 192tasi moddiy qiyinchilik, 113tasi farzandsizlik, 59tasi spirtli ichimliklar iste’mol qilish oqibatida ekani oydinlashgan.

Bundan tashqari, ajrashish uchun ariza berganlarning yosh toifasi ham tahlil qilingan. Xususan, ajrashish uchun arizalar 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan fuqarolardan 737ta, 26 yoshdan 35 yoshgacha fuqarolar 1102ta, 35 yoshdan yuqori fuqarolar tomonidan 432ta kelib tushgan.