Samarqandda 53 mingdan ortiq o‘quvchi korrupsiya illatiga qarshi insho yozmoqda

Ayni paytda Samarqand viloyatidagi 168 ta kasb-hunar kollejining 3-bosqichida tahsil olayotgan o‘quvchilar “Biz, yoshlar yurtimizga xizmat qilishda vijdonli, insofli va halol bo‘lishimiz shart!” shiori ostida “Korrupsiya - adolat kushandasi” mavzusida respublika insholar tanlovida ishtirok etmoqda.
Jumladan, Samarqand moliya va iqtisodiyot kollejida bo‘layotgan tanlovda 400 dan ziyod o‘quvchi insho yozmoqda.
- 2018-2019 o‘quv yilida kollejimizni 406 nafar o‘quvchi bitiradi, - deydi kollej direktori Zafar Mallayev. - Ularning ongu tafakkurida korrupsiyaga qarshi murosasiz kayfiyatni shakllantirish, korrupsiya illatiga qarshi mustahkam immunitetga ega bo‘lishi jamiyat taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli kasb-hunar ta’limi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashning samarali mexanizmini joriy etish maqsadida alohida tarmoq dasturi ishlab chiqilgan va shu asosda bir qator ijobiy ishlar va tashabbuslar amalga oshirilib kelinmoqda. Bugun o‘tkazilayotgan insholar tanlovi mazkur ishlarning amaliy ifodasidir.
Tanlov doirasida o‘quvchi-yoshlarning korrupsiyaga qarshi kurash mazmunidagi “Eng yaxshi plakat”, “Eng yaxshi surat” nominatsiyalari bo‘yicha tayyorlagan ijodiy ishlari ham namoyish etildi.
Insholar tanlovi g‘oliblari Kasb-hunar ta’limi markazi va hududiy boshqarmalar, shuningdek, hamkor tashkilotlarning faxriy yorliq va sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Bahriddin XONKELDIYeV.