Samarqandda elektr va gaz ta’minoti: Og‘ir vaziyatdan chiqish choralari ko‘rilmoqda
Qishning ilk kunlarida yoqqan qalin qor va havoning sovib ketishi energiya resurslariga ehtiyojni keskin oshirdi. “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati viloyat hududiy filiali xodimlari ham tunu kun joylarda sodir bo‘layotgan avariyali holatlarni bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda. Buning uchun viloyatdagi barcha shahar va tumanlarda 24 ta avariya brigadalari tashkil etilib, yuzdan ziyod mutaxassislar, maxsus texnika safarbar qilindi.
- Respublikamizga kirib kelgan sovuq havo oqimi tufayli magistral gaz tarmoqlarida tabiiy gaz bosimining keskin pasayishi kuzatilib, issiqlik elektr stansiyalariga kam miqdorda gaz yetib borishi natijasida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi tushib ketdi, - deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati viloyat hududiy filiali direktori Fayzulla Qurbonov. - Oqibatda yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida avariyalar vujudga kelishining oldini olish maqsadida elektr ta’minotida cheklovlar kiritilmoqda.
So‘nggi uch kun ichida 1154 qisqa raqami orqali navbatchi dispetcherlik xizmatiga viloyat bo‘yicha avariyaviy holatlar bo‘yicha 2050 ta murojaat kelib tushgan.
So‘nggi ikki kunda 23 ta transformator punktida nosozlik kuzatilib, 22 tasi to‘liq bartaraf etildi.
Tabiiy gaz bosimining me’yordan pastligi sababli Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida, shuningdek, Payariq, Urgut, Oqdaryo, Jomboy tumanlarida tabiiy gazda uzilishlar kuzatilmoqda.
“Samarqandhududgaz” gaz ta’minoti filialiga qarashli 6 ta va xususiy 2 ta gaz to‘ldirish shoxobchalaridan 85 ta maxsus avtomashinalar yordamida aholiga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilmoqda.
- Gaz to‘ldirish shoxobchalarimizdan kuniga 232 tonnadan ziyod suyultirilgan gaz tarqatyapmiz, - deydi filialning suyultirilgan gaz bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Xurshid Meliyev. – Bu odatdagi kunlarga nisbatan bir necha barobar ziyod hisoblanadi.
Filialning barcha shahar va tumanlardagi bo‘limlarida muvofiqlashtiruvchi shtablar tuzilgan va 24 soatlik navbatchilik tashkil etilgan. Hozirgacha iste’molchilardan kelib tushgan 100 dan ziyod murojaatlarni bartaraf etish bo‘yicha avariya brigadalari tomonidan tezkor chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Dilmurod TO‘XTAYeV.