Samarqandda energiya tejamkorligiga qaratilgan oylik e’lon qilindi
2026 yil 1 maydan 30 mayga qadar viloyatimiz hududida “Energiya tejamkorligi oyligi”ni o‘tkaziladi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan energiya resurslaridan oqilona foydalanish, ularni noqonuniy sarflashning oldini olish hamda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Oylik doirasida quyidagi yo‘nalishlarda keng qamrovli ishlar tashkil etiladi:
- elektr energiyasi va tabiiy gazdan tejamkor foydalanishni targ‘ib etuvchi tushuntirish ishlarini kuchaytirish;
- aholi va tashkilotlarda energiyadan samarali va ongli foydalanish madaniyatini shakllantirish;
- noqonuniy ulanishlar va isrofgarchilik holatlarining oldini olish;
- energiya tejamkor va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish;
- mahallalar kesimida nazorat va amaliy chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish.
Shu bilan birga, tuman va shahar hokimliklariga mas’ul xodimlar biriktirilib, har bir hududda energiya resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha aniq rejalar asosida ish olib boriladi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonunbuzilishlarning oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash va profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Mahalla tizimi vakillari esa aholi o‘rtasida keng qamrovli tushuntirish ishlarini olib borish, energiya tejamkor qurilmalardan foydalanishni targ‘ib qilish hamda real iste’mol ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlashda faol ishtirok etadilar.
Ushbu oylik nafaqat iqtisodiy tejamkorlikka erishish, balki har bir fuqaroning shaxsiy mas’uliyati va ongli munosabatini oshirishga xizmat qiluvchi muhim tashabbusdir.