Samarqandda hashar bo‘lmoqda
Ramazon hayiti arafasida bugun yurtimizda, jumladan Samarqand viloyatida “Mahalla obodligi – yurt farovonligi!” shiori ostida umumxalq obodonlashtirish xayriya hashari o‘tkazilmoqda.
Hashar doirasida mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli uylar, binolar, ziyoratgoh va qabristonlar, ariqlar hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish, daraxtlarni oqlash va shakl berish, hududlarda sanitariya-gigiyenik dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyat bo‘limidan ma’lum qilishlaricha, 1200 gektardan ortiq hudud, 1000 ga yaqin qabriston va 40 ta ziyoratgohlar obodonlashtiriladi. Shuningdek, 130 kilometr ariq va zovurlarni tozalash, 57 ming tupdan ortiq manzarali va 27 ming tup mevali daraxt ko‘chatlari, 300 mingga yaqin gul ekilishi ko‘zda tutilgan.
Xayriya hasharida kam ta’minlangan oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, viloyatdagi 650 dan ziyod yurtdoshimizning xonadoni ta’mirlanadi. 450 nafar ehtiyojmand, 240 nafarga yaqin nogiron va yolg‘iz qariyalarga 112 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatiladi.
Ayni paytda barcha mahallalar, korxona va tashkilotlarda xayriya hashari tadbirlari boshlandi.