Samarqandda ikki nafar fuqaro pichoqlashgan: Aybdor qidiruvda
2020 yil 30 iyun kuni soat 19:30 larda Samarqand tumanidagi “Baxovuddin-farm” MChJga qarashli bog‘ ichida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yashovchi fuqaro Q.M. va shu viloyatning Muborak tumanida yashovchi B.S. o‘rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik tufayli o‘zaro janjallashib, Q.M. mastlik holatida o‘tkir tig‘li jism bilan fuqaro B.S.ning chap ko‘krak, o‘ng qorin, bel va o‘ng qo‘l sohalariga to‘rt marta qasddan urib, hayoti uchun xavfli bo‘lgan tan jarohati yetkazib, hodisa sodir bo‘lgan joydan noma’lum tomonga qochib yashiringan.
Oqibatda B.S. olgan og‘ir tan-jarohatlari bilan Samarqand tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan 2020 yil 1 iyul kuni Samarqand tumani prokuraturasi tomonidan Q.M.ga nisbatan JKning 25, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi doirasida o‘tkazilgan tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari davomida gumon qilinuvchi Q.M.ni tergovga jalb qilishning imkoni bo‘lmagan.
Shu bois 2020 yil 2 iyul kuni Q.M. sirtdan ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan va qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, shu kuni unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Jinoyat ishi doirasida jabrlanuvchi B.S. va bir qator guvohlar batafsil so‘roq qilinib, fotosuratdan tanib olish tergov harakatlari o‘tkazilgan.
Voqea joyidan olingan ashyoviy dalillar ko‘zdan kechirilib, unda aniqlangan qonga o‘xshash dog‘lar bo‘yicha sudga oid biologiya ekspertizasi tayinlangan.
Hozirda ayblanuvchini topish borasida barcha tergov va tezkor-qidiruv choralari olib borilmoqda.
Samarqand viloyati prokuraturasi axborot xizmati.