Samarqandda ilk bor jigar transplantatsiyasi amaliyoti bajarildi

Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida birinchi marotaba markaz transplantologlari va Samarqand davlat tibbiyot universiteti xodimlari bilan hamkorlikda jigar transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazildi.

1965 yilda tug‘ilgan bemor S.L. jigar sirrozi, subkompensatsiya bosqichi bilan kasallangan bo‘lib, unga 1987 yilda tug‘ilgan qizi N.Q. donorlik qilgan.

Kecha, 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan operatsiya 13 soat 20 daqiqa davom etgan. Operatsiyada 25 nafar tibbiyot xodimi, xususan, 8 nafar vrach transplantolog, 5 nafar vrach anesteziolog, 2 nafar transfuziolog, 5 nafar operatsion hamshira, 5 nafar anestezistka hamshira ishtirok etgan.


– Biz murakkab amaliyotni muvaffaqiyatli yakunladik. Bu Samarqand tibbiyotida yana bir yangilik bo‘ldi, - deydi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachi, Samarqand davlat tibbiyot universiteti kafedra mudiri Lutfullo Mahmanov. – Jigar transplantatsiyasi amaliyotini bajarishga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rdik. Buning uchun xodimlarimiz Moskva, Qozon, Kiyev, Istambul, Anqara shaharlarida malaka oshirib keldi.

Qolaversa, akademik Vohidov nomidagi respublika xirurgiya ilmiy amaliy markazining professor xodimlari bizni qo‘llab-quvvatladi.

Alohida ta’kidlash joizki, markazlashgan holda va viloyat hokimligining erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan inson organlarini ko‘chirib o‘tish amaliyotlari uchun markazimizga 10 mlrd. so‘mlik tibbiy asbob-uskunalar olib kelib o‘rnatildi.

Bemor S.Lapasovada jigar sirrozi, subkompensatsiya bosqichi edi. Shukurki, mazkur amaliyot muvafaqqiyatli o‘tdi. Hozirgacha bo‘lgan tekshiruv natijalarning barchasi ijobiy.

Eng muhimi, endi markaz mutaxassislari bu kabi operatsiyalarni bemalol bajara olishiga amin bo‘ldik.

Ta’kidlash lozimki, Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu soha rivojiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratib kelayotganligi bu kabi murakkab amaliyotlarni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.