Samarqandda “kannabis” yetishtiruvchi “bog‘bon” fosh etildi
Tadbir davomida inspektor-kinolog xizmat iti yordamida xonadondan ho‘l holdagi sof og‘irligi 2 kg. 68 grammni tashkil etuvchi “kannabis” giyohvandlik o‘simligi va quruq holda umumiy sof og‘irligi 77,94 gramm “marixuana”giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.
Dastlabki surishtiruv jarayonida fuqaro M.M. “ajal urug‘”larini bahor oylarida o‘zi yashash xonadoniga ekib, parvarish qilgani ma’lum bo‘ldi. Tadbirga jalb etilgan mutaxassislar ham ushbu giyohvandlik o‘simliklari ekilib, maxsus parvarish qilinganini tasdiqlashdi.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Yoshi 60 ni qoralab qolgan fuqaro M.M. ushbu jinoiy harakatlari uchun endi qonun oldida javob beradi.
Eslatib o‘tamiz, “marixuana” giyohvandlik vositasi sifatida “Giyohvandlik vositalari to‘g‘risida”gi BMTning 1961 yilgi Yagona Konvensiyasining I ro‘yxatiga kiritilgan. Narkotik moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi davlat komissiyasining 2016 yil 22 martdagi 13-16-son qarori bilan “marixuana” O‘zbekiston Respublikasida taqiqlangan giyohvandlik o‘simliklari va vositalari turkumiga kiradi.
Samarqand viloyati bojxona
boshqarmasi axborot xizmati