Samarqand viloyatida narkotik moddalarni noqonuniy aylanishiga chek qo‘yildi

Giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Xususan, viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan faol tadbirda Urgut tumanida istiqomat qiluvchi, 1992 yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada, hovlidagi daraxt tagiga Tojikiston Respublikasidan keltirilgan 960 g “opiy” moddasi ko‘mib qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Ichki ishlar va Bojxona organlari xodimlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida esa Pastdarg‘om tumanida istiqomat qiluvchi, 1971 yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada xonadondagi mavjud og‘ilxonada 25 kg 520 g “marihuana” giyohvandlik o‘simligi saqlanayotganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish...) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.