Oq geroin “qora yo‘l”ga boshladi
Akmal (ismlar o‘zgartirilgan) endigina 23 yoshga to‘lgan. Binoyidek kasbi bor. Urgut shahrining qoq markazidagi oshxonalarning birida uch yildan buyon somsa pishirib sotadi. Taomni mazali tayyorlagani bois doimiy mijozlari anchagina.
Akmaldan besh yosh katta bo‘lgan Asad ham u bilan birga ishlaydi. Bu ikkala hamkasb topganiga qanoat qilmadi. Pulimga-pul, boyligimga-boylik qo‘shilsin, deb jinoyat ko‘chasiga kirishdan toymadi. Mabodo ishlari “yurishmay qolsa” oqibati nima bilan tugashini ham taxmin qilishardi.
Shunday bo‘lsa-da, bu jinoiy sheriklar o‘zaro kelishgan holda mijoz topib, qonunan ta’qiqlangan “geroin” giyohvandlik vositasini sotish bilan shug‘ullana boshlashdi. Dastlab “ov”lari baroridan kelib turgan sheriklar bundan ruhlanib, “mahsulot”ni yangi mijozlarga yanada qimmatroq va ko‘proq pullashga kirishib ketdi. Ularning navbatdagi mijozi “Jasur” ismli shaxs bo‘lib, u bir kuni oshxonaga tamaddi qilish uchun keldi. Ovqatlanib bo‘lgach, Akmal bilan tanishib, tezda chiqib ketishdi. Gap orasida Jasur iste’mol uchun birozgina “geroin” giyohvandlik vositasini topib berishini iltimos qildi. Bu gap Akmal uchun ayni muddao edi. Shunday bo‘lsa-da, u ishni yanada pishiqroq qilish uchun hozir bu “mahsulot” anqoning urug‘i bo‘lib ketganligi, tanishlaridan surishtirib ko‘rishini, bir-ikki kundan so‘ng xabar olsa anig‘ini aytishini ta’kidladi.
Oradan bir kun o‘tgach, Jasur yana shu oshxonaga keldi. Ketish chog‘i Akmaldan iltimosining natijasini so‘radi. Akmal “Bir tanishimda birozgina bor ekan, har bir grammi 1 million 200 ming so‘mdan. Kechqurun kelsangiz birga borib, olib berib yuboraman” dedi.
Kechqurun Jasur oshxonaga keldi. Ikkalasi uning mashinasida Akmalning mahallasi tomon jo‘nashdi. Mahallaning ichki ko‘chalaridan biriga borgach Akmal Jasurdan 5 gramm “geroin” giyohvandlik vositasi uchun 300 AQSh dollari va 3 million so‘m pulni olib, mashinadan tushib, boshqa ko‘chaga qarab ketdi. Bir muddatdan so‘ng Akmal jinoiy sherigi Asadga kelishilgan pullarni berib 4,27 gramm “geroin” giyohvandlik vositasini olib kelib, Jasurga tutqazdi. So‘ng ikkalasi Jasurning mashinasida ortiga qaytib ketayotganida, yo‘lda ichki ishlar xodimlari tomonidan to‘xtatilib, jinoyatlari fosh etildi.
Sud Akmal va Asadni 13 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm o‘qidi.
Qilmish-qidirmish, deyishadi. Aslida har narsada me’yor bor: yeyish-ichishda, ishda, o‘zaro muomalada va hattoki moddiyatda ham. Ammo “Mening nafsim balodur, yongan o‘tga soladur” deganlaridek, bu yigitlarning nafsini tiya olmasligi hayotlarini “qora yo‘l”ga boshlab yubordi.