Dunyodagi mavjud o‘lim ko‘rsatkichlarining 23 foizdan ortig‘i narkotiklar suiiste’moli bilan bog‘liq
Giyohvandlik ayanchli illatgina emas, global ofat hamdir. Chunki bugun ayni shu xatar insoniyat salomatligi, taqdiri va hatto kelajagiga rahna solib turibdi.
BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikni nazorat qilish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda dunyo aholisining 31 milliondan ortig‘i giyohvand moddalar suiiste’moli tufayli jiddiy kasalliklardan aziyat chekadi va ularning aksariyati yoshlardir. Achinarlisi, yer yuzidagi barcha o‘limlar ko‘rsatkichining 23 foizidan ortig‘i narkotiklar suiiste’moli bilan bog‘liq.
Yana bir o‘ta og‘riqli jihat: ushbu o‘limlar miqdorining qariyb 5 foizini 15-29 yosh oralig‘idagi yigit-qizlar tashkil etmoqda. Mazkur ko‘rsatkichlar yildan-yilga yasharib borayotgani esa butun dunyo ahlini jiddiy tashvishga solmoqda. Qolaversa, yoshlar orasida psixostimulyatorlar, yangi sintetik giyohvand moddalar iste’moli ommalashyapti.
Afsuski, bu borada O‘zbekistonda ham vaziyat yaxshi, deb bo‘lmaydi. Joriy yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, 5 mingga yaqin yurtdoshimiz giyohvandlikka qaram kishilar hisobida turibdi. Ularning 31 foizini 20-40 yoshdagilar tashkil etadi. Bundan tashqari, mazkur dardga mubtalo bo‘lganlarning 1,8 foizida OIV infeksiyasi aniqlangan.