Samarqandda bojxonachilar 2021 yilda salkam 15 kilogramm giyohvandlik vositasini chegarada ushlab qolgan
Bu ma’lumotlar Samarqand shahridagi yoshlar markazida O‘zbekiston Respublikasi Narkotik moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan “Aholining keng qatlami, shu jumladan, uyushmagan yoshlar orasida giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish” mavzusida o‘tkazilgan videokonferensiya shaklidagi seminarda aytildi.
Unda viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov, O‘zbekiston Respublikasi Narkotik moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha davlat komissiyasi kotibi Sh.G‘ulomov va Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari J.Fayzullayev hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari qatnashdi.
Tadbirda J.Fayzullayev viloyat bojxona boshqarmasi mamlakatimizda giyohvand moddalarning noqonuniy aylanuvini oldini olishda jiddiy kurash olib borayotganligi hamda viloyatning turli nuqtalari va olis xududlarida giyohvandlikning barcha ko‘rinishiga qarshi kurashishda tadbirlar o‘tkazib kelayotganligi to‘g‘risida to‘xtaldi.
Misol uchun, bojxonachilar tomonidan giyohvandlik vositalarini bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi, ichki hududlarda yetishtirilishi va sotilishi bilan bog‘liq olib borilgan maqsadli tadbirlar natijasida 2021 yilda jami 13 holatda 14 483,50 gramm giyohvandlik vositasi aniqlangan.
Shundan: 1051,90 gramm geroin, 4 803,16 gramm opiy, 8 057,95 gramm gashish, 570,49 gramm marixuana, 3 tup kannabis o‘simligi aniqlangan.
Bugungi kunda internet tarmog‘i orqali giyohvandlik vositalari va ularning analoglarini muomalaga chiqarish hamda ularni manzillarga tarqatish bilan yoshlarning shug‘ullanishi ham ortib bormoqda.
Hozirda respublikamizda mazkur yo‘nalishda aynan 17-25 yoshdagi fuqarolar ishtirokida huquqbuzarliklarni sodir etayotganliklari kuzatilgan. Shu o‘rinda, Samarqand viloyatida faoliyat olib borayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan shunday jinoyatlarni fosh etishda hamkorlik kuchaytirilgan.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.