Payariqdagi og‘ufurushning ishi sudga oshirildi
Joriy yilning 28 aprel kuni soat 11:30 da Payariq tumani IIB xodimlari tomonidan Kattasaydov MFY Farmonqul qishlog‘ida yashovchi 54 yoshli R.B.ning yashash hovlisini ko‘zdan kechirishi davomida uning tomorqasining 180 metr kvadrat yer maydonida 3762 tup “ko‘knori” giyohvandlik o‘simligi, yotoqxonasidagi deraza tokchasidagi gultuvakda yetishtirib kelayotgan 5 tup «ko‘knori» giyohvandlik o‘simligi borligi aniqlanib, ushbu aniqlangan o‘simliklar xolislar ishtirokida tegishli tartibda rasmiylashtirilib olingan.
Shuningdek, shu kuni R.B.ning oshxonasi ko‘zdan kechirilganda, shkaf ustida yoyilgan holatda bo‘lgan 11,7 gramm «ko‘knor» giyohvandlik o‘simligining quruq holdagi barglari borligi aniklanib, tegishli tartibda xujjatlashtirilib olingan.
Bundan tashkari, R.B.ning og‘ilxonasidagi simga ilingan holatda turgan sellofan paket ichida va yerto‘lasidan yelim baklashka ichida bo‘lgan 519,5 gramm “ko‘knori” giyohvandlik o‘simligining urug‘lari borligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda hujjatlashtirilib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Payariq tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi (taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha R.B. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan va u bilan bir qator tergov harakatlari olib borilgan.
Tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, R.B. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi (taqiqlangan ekinlarni yetishtirish), 276-moddasi 1-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) va 25,273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotishga suiqasd) bilan ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, jinoyat ishi bo‘yicha ayblov xulosasi tuzilib, o‘rnatilgan tartibda tegishli sudlovga yuborilgan.