Samarqandda kardiologiya dispanseri o‘tkazgan tanlov savdosi natijalari bekor qilindi
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, respublikamiz yalpi ichki mahsulotining 28 foizi miqdoridagi mablag‘lar davlat xaridlarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan. Bu esa o‘z o‘rnida davlat xaridlari sohasida raqobat muhitini shakllantirish va qonun ustuvorligini ta’minlash dolzarbligidan dalolat beradi.
“Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasiga asosan davlat xaridlarida savdolar o‘tkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibini buzish, savdolarning tashkilotchilari va (yoki) buyurtmachilari tomonidan savdolar ishtirokchilarining faoliyatini muvofiqlashtirish, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlardan savdolarda qatnashish uchun hujjatlarni qabul qilishni asossiz ravishda rad etish, savdolar ishtirokchilarini asossiz ravishda chetlashtirish, savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish va tovarning aniq ishlab chiqaruvchisini ko‘rsatish mumkin emas.
Hududiy boshqarma tomonidan davlat xaridlari maxsus axborot portalidagi ochiq ma’lumotlar va kelib tushgan murojaatlar asosida doimiy o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda.
Kelib tushgan murojaatlar asosan davlat xaridlaridan asossiz ravishda chetlashtirish, buyurtmachi xarid komissiyasi tomonidan ishtirokchilarning noxolis baholanganligi, buyurtmachilar va ishtirokchilar o‘rtasida affillanganlik holatlari bo‘yicha kelib tushmoqda.
Jumladan, Samarqand viloyat kardiologiya dispanseri tomonidan 2023 yil 9 yanvarda 222049-sonli lot bo‘yicha tegishli tanlov savdolari o‘tkazilishi to‘g‘risida e’lon berilgan bo‘lib, shunga binoan 20 yanvar kuni tanlov savdolari o‘tkazilgan. Savdoda “Turhan Islam” MChJ va “Tib Dunyosi” MChJ tashkilotlari qatnashgan hamda “Turhan Islam” MChJ g‘olib deb topilgan.
O‘rganish davomida “Turhan Islam” MChJ va “Tib Dunyosi” MChJlarning rahbari va ta’sischisi (Bobomurodov Islom Mamadaliyevich) aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunining 23-moddasi 13-xatboshi talablariga binoan “Ishtirokchi va uning affilangan shaxsi elektron do‘kon, auksion, eng yaxshi takliflarni tanlash va tender bo‘yicha ayni bitta lotda ishtirok etish huquqiga ega emas”ligi belgilab qo‘yilgan. Shu sababli viloyat kardiologiya dispanseri tomonidan o‘tkazilgan yuqoridagi tanlov savdosi natijalari bekor qilingan.
Hududiy boshqarma tomonidan doimiy monitoring hamda kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish natijasi bo‘yicha qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan byudjet buyurtmachilariga tanlov natijalarini bekor qilish, qonunbuzilish holatini to‘xtatish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatmalar berilib, tegishli ta’sir choralari ko‘rilishi ta’minlangan.
Elyor Usmonov,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hududiy boshqarmasi yetakchi mutaxassisi.