Samarqandda litsey o‘quvchilariga stipendiya berila boshlandi
Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyidagi iqtidorli talabalar mana bir oydirki stipendiya olmoqda.
- Prezidentimizning 2017 yil 26 sentyabrdagi «Oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun nomzodlarni maqsadli tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Qarorida «Oliy ta’lim muassasalari rahbariyatiga oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari (to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish uchun tushumlarning faqat to‘lov-kontrakt miqdorining oshirilgan qismi) hisobidan akademik litseylar uchun o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari, sarflash materiallari, kompyuter texnikasi, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari sotib olish hamda akademik litseylarning o‘qituvchi va o‘quvchilarini moddiy qo‘llab-quvvatlash huquqi berilsin», deyilgan, - deydi akademik litsey rahbari o‘rinbosari Abduvali Qodirov. – Shunga ko‘ra, o‘tgan yili Nizom ishlab chiqilib, iqtidorli o‘quvchilar saralab olindi. Iqtidorli o‘quvchilar erishgan natijalarga qarab, 23 nafar o‘quvchimiz oliy ta’lim muassasasi talabasi stipendiyasining 30 foizi miqdorida stipendiya olayotir. Ushbu mablag‘ miqdorini hamda o‘quvchilar sonini bosqichma-bosqich oshirib borishni reja qilganmiz.