Samarqandda masofaviy telemeditsina markazi ochildi
Samarqand davlat tibbiyot universitetining ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasi Janubiy Koreyaning Kyungpook National University Hospital (KNUH) bilan hamkorlikda masofaviy telemeditsina markazi ochdi.
Masofaviy telemeditsina markazi bolalar xirurgiyasining dolzarb masalalari bo‘yicha masofadan turib, zamonaviy innovatsion xirurgik davolash usullari bo‘yicha tajriba almashish, alohida bemorlarni masofadan turib konsultatsiya qilish maqsadida tashkil etildi.
- Masofaviy telemeditsina markazining ochilishigacha Janubiy Koreyadan markazning ishlashi uchun zarur bo‘lgan barcha zamonaviy asbob-uskunalar olib kelindi, - dedi universitet rektori Jasur Rizayev. - Klinikada bunday masofaviy telemeditsina markazining ochilishi shubhasiz o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichi bo‘lib qolmasdan, aholiga ko‘rsatilayotgan ixtisoslashgan xirurgik yordamni son va sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqadi. Shuningdek, ilmiy tadqiqot ishlarining samaradorligini yanada oshirishiga ishonchimiz komil.
Janubiy Koreya Respublikasi Kyungpook National University Hospital (KNUH) bilan Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasi o‘rtasida 2019 yil 19 aprelida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan. Mazkur memorandum bo‘yicha o‘tgan yillar mobaynida klinika amaliyotida endoxirurgik operatsiyalarni kiritish, kadrlar tayyorlash, klinikani zamonaviy jihozlar bilan jihozlash kabi qator ishlar amalga oshirilib kelinyapti.
Shuningdek, har ikkala universitet klinikalari xalqaro miqyosda katta nufuzga ega va xirurgiya sohasida klinik maktab yaratgan dargohlar hisoblanadi.