Samarqand davlat tibbiyot instituti Milan universiteti bilan hamkorlik qiladi

Italiyaning Milan universiteti professori, “Osteocom” firmasi vakillari Diyego Lops hamda Manuyel Elia Samarqand davlat tibbiyot institutida bo‘lib, ta’lim muassasasi faoliyati bilan tanishdi.

Institutda ta’lim jarayonida zamonaviy informatsion texnologiyalar va o‘qitishning xalqaro standartlariga mos dasturlardan foydalanilayotgani, o‘quv xonalari va laboratoriyalarda yaratilgan sharoit mehmonlarga manzur bo‘ldi. Italiyalik olimlar bu vositalardan samarali foydalanish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori Jasur Rizayev bilan uchrashuv chog‘ida institut va Milan universiteti o‘rtasida ilmiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.

Milan universiteti professori Diyego Lops institut professor-o‘qituvchilari, klinik ordinator, magistratura rezidentlari va stomatologiya fakulteti talabalariga innovatsion magnitodinamik texnologiyalarning stomatologiyada tutgan o‘rni haqida ma’ruza qildi. O‘zining bu boradagi ilmiy izlanishlari va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Ushbu yo‘nalishda ayni paytda Italiya va boshqa davlatlarda qo‘llanilayotgan ilg‘or usullar to‘g‘risida amaliy mashg‘ulotlar o‘tdi.