Samarqandda O‘zbekiston tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalarining I forumi tashkil etildi
Samarqand davlat tibbiyot institutida O‘zbekiston tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalarining I forumi o‘z ishini boshladi.
Forumda respublikamizdagi 8 ta tibbiyot oliy ta’lim muassasasidan 100 dan ortiq talaba ishtirok etyapti.
Forum tibbiyotni fundamental va amaliy fanlari bo‘yicha talabalarning bilim darajasini oshirish, nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirish, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalarini jahon va milliy tibbiyot merosiga jalb qilish maqsadida tashkil etildi.
Forumning birinchi kunida loyiha va roliklar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu loyihalar tibbiyot va tibbiy ta’lim darajasini oshirishga hissa qo‘shishi bilan bir qatorda kelajakda uni targ‘ib qilish uchun eng yaxshi loyihaga SamDTI rektori tomonidan mukofot puli ajratildi.
Shuningdek, forum doirasida Samarqand shahar yoshlar markazida Talabalar sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda “Ta’lim sifatining pasayishi va shu bilan birga, mehnat bozorida tibbiyot oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarining raqobatbardoshligining tushishi” mavzusi muhokama qilindi.
Forumning ikkinchi kuni yetakchi mutaxassislardan ma’ruzalar, “Zakovat” va “Munozara” intellektual ko‘ngilochar tanlovlari o‘tkaziladi.
SamDTI axborot xizmati.