Tibbiyot klinikasining yangi binosi, zamonaviylashayotgan teatr binosi

Samarqand qurilishida qanday o‘zgarishlar bo‘lyapti?

Viloyat musiqali drama teatriga Ispaniyadan o‘rindiqlar keltiriladi. Samarqand davlat tibbiyot instituti 1-son klinikasining yangi qurilayotgan binosida jigar va buyrak ko‘chirib o‘tkazish va jarrohlik amaliyotlarini kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.

Viloyat qurilish bosh boshqarmasi tomonidan uyushtirilgan press-turda yangi qurilish ob’yektlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Dastlab jurnalistlar viloyat musiqali drama teatri binosida olib borilayotgan ta’mirlash ishlari bilan tanishdi.
2021 yil oktyabr oyida ob’yektda loyiha asosida ishlar boshlangan. Qiymati 87 milliard so‘mlik loyiha doirasida tashqi va ichki pardoz ishlari, isitish, sovutish, havo almashtirish, suv, kanalizatsiya tizimlari to‘liq rekonstruksiya qilinmoqda. Bino tashqi qismi zamonaviy toshlar bilan qoplansa, kirish hovlisi G‘ozg‘on marmarlari, ichki qismi granit va kafel bilan bezatiladi. Asosiysi, ishlatilayotgan materiallarning aksariyati o‘zimizda ishlab chiqarilgan hamda sahna va sahna orti uchun ishlatiladigan materiallar xorijdan keltirilmoqda.

- Teatr talabidan kelib chiqib zal shovqinni kamaytiruvchi materiallar bilan qoplanadi, Ispaniyadan o‘rindiqlar keltirish borasida kelishuvlar amalga oshirilmoqda, - deydi loyiha bosh muhandisi Anvar Ahmedov. – Kirish qismida milliy an’analar uyg‘unlashgan ganchkorlik namunalaridan foydalanyapmiz. Sahna pardalari Buxoro viloyatidagi “Zarkon” korxonasida tayyorlanadi, yoritish, ovoz kuchaytirish, sahna mexanika tizimlariga Yaponiya, AQSh, Xitoy davlatlaridan keltiriladigan jihozlar o‘rnatilib, 2022 yil avgustda foydalanishga topshiriladi.
Avval qish faslida teatrga madaniy hordiq olish uchun kirgan tomoshabin spektakldan ma’naviy ozuqa olish o‘rniga sovuqda shamollab qolishdan ko‘proq tashvish chekardi. Ta’mirlash jarayonida bu muammo yechimiga ham alohida yondashilgan. Teatrga Yaponiyaning ilg‘or kompaniyalarida ishlab chiqarilgan uskunalar o‘rnatilib, binoda qishda issiq, yozda 20-23 darajagacha havoni ta’minlash imkoniyati yaratiladi.

Samarqand davlat tibbiyot institutining 1-son klinikasi maydoni 4,5 gektarni tashkil etadi. Klinikadagi terapiya va tug‘ruq bo‘limlari qurilganiga qariyb 100 yil bo‘lgan. Endilikda bu yerda 55,5 milliard so‘mlik loyiha asosida o‘quv va amaliyotni bir joyda o‘tkazishga mo‘ljallangan yangi bino qurilmoqda.

- Bu yerda 200 o‘rinli xirurgiya bo‘limi va institutning 6 kafedrasi uchun bino qurilmoqda, - deydi “Sam Tib loyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Shorahim Shorahimov. – Bino qurilishida tibbiyot xodimlari, muhandislar bilan kelishgan holda loyiha ishlab chiqdik. 4 qavatdan iborat yangi binoning 3 qavati davolash va to‘rtinchi qavatida reanimatsiya bo‘limi, jigar va buyrak transpontologiya bo‘limlari joylashadi. Binomiz 2022 yil noyabr oyida foydalanishga topshiriladi. Bu yerda talabalar jarrohlik amaliyotini onlayn kuzatib borishi, olgan nazariy bilimlarini shu yerning o‘zida amaliyotda mustahkamlab olishlari uchun sharoit yaratiladi.

Shundan so‘ng jurnalistlarga “Sam Texno Stroy Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati ofisida loyihalar tayyorlanishi, jamiyat qoshidagi qurilish klasteri faoliyati bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Darvoqe, yuqorida ko‘rgan ob’yektlardagi qurilish ishlari mazkur jamiyat quruvchilari tomonidan olib borilmoqda.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.