Urgutda irsiy kasalliklarni aniqlaydigan laboratoriya tashkil etildi
Bolalarda irsiy kasalliklarga barvaqt tashxis qo‘yish usullarini takomillashtirish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Urgut tuman innovatsion hududida "Irsiy kasalliklarni erta aniqlash uchun "molekeulyar genetikaga" asoslangan zamonaviy innovatsion laboratoriya tashkil etish maqsadida startap loyiha tasdiqdan o‘tdi.
Hozirda tuman tibbiyot birlashmasida molekulyar genetik laboratoriyasi uchun 4 ta xona ajratib berildi. Yuqori texnologik diagnostika tibbiyot uskunalari, butlovchi buyumlar, reagentlar va zarur materiallar keltirib, o‘rnatildi.
Irsiy kasalliklarni tasdiqlash uchun bolalarni ommaviy tekshirish, shuningdek, bemorlarni dori vositalari orqali irsiy kasalliklarni davolash samaradorligini oshirish va tekshirish amalga oshiriladi. Shuningdek, homilaning erta bosqichlarida xavf guruhini aniqlash uchun homiladorlikning erta muddatlarida ayollar qoni tahlili bosqichma-bosqich biokimyoviy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Shu bilan birga 3 ming nafardan ortiq ayollarni homiladorlikning bosqichlarida biokimyoviy skriningdan o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ta’kidlash o‘rinliki, bugungi kunda dunyoda har 100 boladan 5-6 nafari genetik jihatdan aniqlangan kasallik bilan tug‘iladi. Bu nuqsonlar bolaning intellektual rivojlanishidagi buzilishlar bilan o‘tadi. Ularning 5-6 foizi birinchi marta paydo bo‘lgan yoki ota-onadan biridan o‘tgan irsiy kasalliklar ekanligi aniqlangan.
Alisher Norboyev,
Innovatsion rivojlanish vazirligining Urgut innovatsion hududi bo‘yicha mas’uli.