Birlamchi tibbiyot: konteynerlar o‘nlab kilometrlarni qisqartirdi
Shu muassasada 25 yildan buyon ishlayotgan bo‘lsam, shu paytga qadar unda oddiygina qo‘lyuvgich bo‘lmagan, qo‘lbola sharoit qilib olgandik. Tug‘ruqqa kelgan ayollar ham sanitariya haminqadar bo‘lgan muassasada farzandli bo‘lishga majbur edi. Yozda-ku, mayli, qish oylarida ayniqsa, juda qiynalardik. Mudom o‘tin, ko‘mir bilan binoni isitish nafaqat tibbiyot xodimlari, bemorlarga ham noqulaylik tug‘dirardi.
Bu – Nurobod tumani tibbiyot birlashmasining Sazag‘on hududiy bo‘limida faoliyat yuritayotgan akusher-ginekologning fikrlari. Bugun mazkur hududda vaziyat keskin o‘zgarganini ko‘rdik.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun o‘tkazilgan press-turda ishtirokchilar Nurobod, Past Darg‘om, Samarqand tumanlarida birlamchi tibbiyot tizimidagi o‘zgarishlar bilan tanishtirildi.
Viloyat miqyosida faqatgina Nurobod hamda Qo‘shrabot tumanlaridagina tibbiyot birlashmalarining hududiy bo‘limlari faoliyat ko‘rsatadi. Nurobodda shunday hududiy bo‘limlardan uchta. Ularning ikkitasi o‘tgan yillar davomida rekonstruksiya qilingan bo‘lsa, terapiya, bolalar va tug‘ruq bo‘limlaridan iborat Sazag‘on bo‘limiga yangi, zamonaviy bino shu yil nasib etdi.
Bir qismi 1959 yili qurilgan tibbiyot muassasasi yangilandi
- Viloyat hokimining tashabbusi bilan Sazag‘on hududiy bo‘limiga yangi bino qurib berildi, - deydi Nurobod tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Abdulla Abiyev. - Bo‘lim markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikaning 50 qatnovga mo‘ljallangan filiali va 15 o‘rinli (5 o‘rin terapiya, 5 o‘rin bolalar va 5 o‘rin tug‘ruq) statsionar qismidan iborat. Tepaqul, Saroy va Sazag‘on mahallalarida yashovchi 11 mingdan ziyod aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Hududiy bo‘limda 7 nafar shifokor, 25 nafar xamshira va 10 nafar boshqa xodimlar ishlaydi.
Tuman markazidan 40 kilometr uzoqlikda joylashgan Sazag‘on hududiy bo‘limi eski binosining bir qismi 1959 yil, ikkinchi qismi esa 1982 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan bo‘lib, shu vaqtgacha moslashtirilgan binolarda hudud aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelinayotgan edi. Homiy “AZIA METALL PROF” korxonasi tomonidan joriy yilning may-iyun oylarida 2,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga barcha qulayliklarga ega bo‘lgan yangi bino qurib berildi.
Shuningdek, yil davomida uchta oilaviy shifokorlik punkti binosi mukammal ta’mirlandi. 23 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Yaxshi bilasiz, Nurobod tumanining aholi yashash punktlari orasida masofa juda katta. Shuning uchun mahalla tibbiyot punktlarining tashkil etilishi aholi uchun qulaylik bo‘ldi.
“Birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Toyloq, Urgut, Oqdaryo, Past Darg‘om tumanlari, Samarqand shahri hamda Qashqadaryo viloyatidan 10 nafar vrach olis va chekka hududlardagi tibbiyot muassasalariga ishga qabul qilindi.
Samarqand tumanida tibbiyot punktining o‘z quyosh batareyasi bor
Past Darg‘om tumani Yuqori Bog‘onali mahallasida tashkil etilgan mahalla tibbiyot punkti ikki mingga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatadi. Mazkur tibbiyot punkti shifokori Faxriddin Azimovning ta’kidlashicha, aholining ma’lum qismi o‘zlariga tegishli bo‘lgan oilaviy shifokorlik punktiga qatnashlari uchun hatto 15 kilometrga yaqin masofani bosib o‘tishlariga to‘g‘ri kelgan.
Samarqand tumanidagi Yangijoy mahallasida tashkil etilgan mahalla tibbiyot punkti ham 2 mingdan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatadi. Ohalik oilaviy shifokorlik punktiga qarashli bo‘lgan mazkur shoxobcha boshqa shunday punktlardan farqli ravishda o‘zining quyosh batareyasiga ega.
Yangijoy mahallasida shu yilning aprel oyida tashkil etilgan mazkur punktda har kuni 50 nafarga yaqin aholini qabul qilib, ularga zarur tavsiyalar berilyapti, - deydi ushbu punkt shifokori Saodat Tillayeva. – Aholi asosan mavsumiy xastaliklar bilan bir qatorda, qon bosimining yuqoriligi, qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklaridan shikoyat qilmoqda. Aholi masofa ancha qisqarganidan, tibbiyot ularga yanada yaqinlashganidan, qolaversa, punktimiz maktabga juda yaqinligidan mamnun.
569 ming nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish yaqinlashtirildi
-Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami faoliyatini aholiga yaqinlashtirish va birlamchi tibbiy xizmat sifatini yaxshilash maqsadida 2021 yilda 11 ta birlamchi tibbiyot muassasasi, jumladan, 6 ta oilaviy shifokor punkti va 5 ta yangi oilaviy poliklinika tashkil etildi, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ul xodimi S.O‘tamurodov. - Joriy yilda yana 11 ta birlamchi tibbiyot muassasasi ochish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirga qadar 6 ta oilaviy shifokor punkti va 2 ta oilaviy poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 210 ta mahallada tibbiyot punktlari tashkil etildi. Boshqacha qilib aytganda, 569 000 nafar aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish yaqinlashtirildi. Yil yakuniga qadar yana 3 ta birlamchi tibbiyot muassasasi ochiladi.
Gulruh MO‘MINOVA.